Shaxsga doir ma’lumotlarning himoya qilinishi kafolatlandi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 3 iyul kuni «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida"gi Qonunni imzolagandi. 1 oktyabrdan kuchga kirgan ushbu qonun fuqarolarga o‘z shaxsiy ma’lumotlari ustidan nazorat qilish, ulardan foydalanish imkoniyatini soddalashtirish hamda qayerda ishlov berilishidan qat’i nazar, bildirilgan maqsad uchungina foydalanishni ta’minlash imkoniyatini beradi.
Shaxsga doir ma’lumotlar - bu muayyan jismoniy shaxsga taalluqli bo‘lgan yoki uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan, elektron tarzda, qog‘ozda va (yoki) boshqa moddiy jismda qayd etilgan axborot hisoblanadi.
Bir qator xorij mamlakatlari tajribasiga tayanilgan holda ishlab chiqilgan qonunga ko‘ra, shaxsga doir ma’lumotlar sohasidagi vakolatli davlat organi sifatida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi belgilandi.
Xo‘sh, shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishi fuqarolarni qanday qilib himoya qiladi? Ilgarilari ayrim fuqarolar tomonidan tanish-bilishlarining fuqarolik pasporti nusxalariga bir nechta telefon raqamlar olingan holda ulardan foydalanish holatlari kuzatilar edi. Bu esa keyinchalik ayrim noxush vaziyatlar va muammolarni keltirib chiqarganligining guvohi bo‘lganmiz.
Qonunning 33-moddasida shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi belgilandi. Bu me’yor o‘z o‘rnida qayd etilgan noqonuniy faoliyat uchun qonunchilikka javobgarlikni belgilovchi tegishli qoidalar kiritilishini taqozo etdi.
Bundan kelib chiqadiki, jismoniy shaxsning roziligisiz yoki boshqa qonuniy asos mavjud bo‘lmagani holda shaxsga doir ma’lumotlarni oshkor etish va tarqatishga yo‘l qo‘yilmaydi. Demak, endi mulkdor, operator va uchinchi shaxs fuqaroning shaxsiga doir ma’lumotlarni yetarli darajada himoya qilishni bo‘yniga olgan holda va ushbu ma’lumotdan nima uchun foydalanmoqchi ekanligi haqidagi maqsadni oshkor qilib, faqat o‘sha maqsad uchungina foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Masalan, pasport olish uchun berilgan ma’lumotdan yer olish, kadastr qilish, nikohdan o‘tish, saylovchilar ro‘yxatiga kiritish, o‘qishga yuborish, diplom berish, guvohnoma tayyorlash kabi ishlarga shaxs ruxsatisiz foydalanish mumkin emas. Agar shu maqsadda foydalanish zarurati paydo bo‘lsa, albatta, bu haqda ma’lum qilinib, muayyan shaxsning roziligi olinishi shart.
Xulosa qilib aytganda, mazkur qonun mamlakatimizda shaxsga doir ma’lumotlar bilan ishlashda xalqaro standartlar va qoidalarni joriy qilish, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish samaradorligini oshirish, fuqarolarning shaxsiy hayoti daxlsizligi bo‘yicha konstitutsiyaviy huquqlari buzilishining oldini olish va shaxs sifatida har qanday ta’sirlardan himoya qilishga qaratilgani bilan ham ahamiyatli.
Furqat ANAROV,
Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi kadrlar bo‘limi bosh maslahatchisi.