ShHT sammiti arafasida Samarqanddagi o‘zgarishlar. Mehmonlarni hayratlantira olamiz
2022 yil 15-16 sentabr kunlari Samarqand shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlarining 22-sammiti bo‘lib o‘tadi.
Mamlakat rahbarlari so‘nggi uch yil ichida birinchi marta yuzma-yuz uchrashadi. Bu to‘planib qolgan ikki tomonlama, mintaqaviy va global masalalarni muhokama qilish uchun qulay fursat va yaxshi imkoniyat bo‘ladi.
Yangi aeroport
Samarqand sammiti uchun barcha zarur infratuzilma tayyorlandi, yangi zamonaviy va yuqori texnologik aeroport qurildi.
Loyihaning dizayni o‘tmish va hozirgi zamon uyg‘unligini namoyish etadi. Aeroport terminalining binosi buyuk olim Mirzo Ulug‘bekning fundamental asari "Ziji Jadidi Ko‘ragoniy" ("Ko‘ragoniyning yangi astronomik jadvali")ni ifodalovchi “ochiq kitob" shakliga ega. Uning tomida yulduzlar turkumi tasvirlangan. Binoning kengligi 175, balandligi esa 25 metrni tashkil etadi.
Bu – shahar aholisi va mehmonlariga atoqli astronom Mirzo Ulug‘bekning butun insoniyat ilm-fani va sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasini yana bir bor eslatadi.
Sayohatchilarga qulaylik yaratish maqsadida zamonaviy texnologiyalar joriy etildi: yo‘lovchilar va yuklarni ro‘yxatdan o‘tkazishning yangi turi hamda qo‘ngandan so‘ng qulay xizmat ko‘rsatish tizimi ishga tushirildi.
Aeroport soatiga 800 nafar yo‘lovchi va haftasiga 120 tagacha reysga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega.
Silk Road Samarkand sayyohlik markazi
ShHT mehmonlari, va, albatta, sayyohlar uchun yangi Samarqand xalqaro sayyohlik markazi qurildi – bu rejalashtirilgan sammit tadbirlari o‘tkaziladigan asosiy hudud bo‘ladi.
Qurilishning asosiy ob’yektlari 135 gektar maydonni egallagan.
Mashhur eshkak eshish kanalining ikki qirg‘og‘ida “Boqiy shahar" etnografik shaharchasi, vinochilik shoxobchasi, mehmonxonalar va ShHT mamlakatlari rahbarlarining uchrashuvlari bevosita o‘tkaziladigan ulkan uch qavatli Kongress-xoll joylashgan. Uning maydoni 2800 kvadrat metrni tashkil etadi. Birinchi shaxslarning uchrashuvlari o‘tkaziladigan asosiy zalning maydoni esa 65x65 m, balandligi 14 metrni tashkil etadi.
Sayyohlik markazi hududida baliq ovlash uchun sun’iy ko‘l – gashtak yaratildi. Markaziy maydon sayyohlarni "musiqiy favvora” bilan quvontiradi, mehmonlar Eco Village shaharchasida yashashi mumkin.
Ko‘p funksiyali Silk Road Samarkand sayyohlik markazida umumiy fondi taxminan 1200 ta xonadan iborat sakkizta xalqaro darajadagi mehmonxona o‘z eshiklarini ochadi. Ulardan ikkitasi 5 yulduz toifasiga kiritilgan. Samarkand Regency Amir Temur mehmonxonasi esa Markaziy Osiyodagi The Leading Hotels of the World – dunyodagi yetakchi mehmonxonalar uyushmasiga kiritilgan birinchi va hozirgacha yagona mehmonxona bo‘ladi.
Samarqand eshkak eshish kanali
Bu yana bir mahalliy diqqatga sazovor joy. Kanalning uzunligi 2180 metrga teng, kengligi esa 150 metrdan oshadi. U eshkak eshish musobaqalarining xalqaro standartlariga to‘liq mos keladi.
Bu yerda turli xalqaro musobaqalar o‘tkaziladi. Jumladan, 2025 yilda Osiyo o‘smirlar Olimpiadasi O‘zbekistonda, eshkak eshish turnirlari esa Samarqandda o‘tkazilishi haqida qaror qabul qilingan.
ShHTning Samarqanddagi sammiti O‘zbekistonda o‘tkazilgan sammitlarning to‘rtinchisi bo‘ladi. Bunday muhim xalqaro tadbir 2004, 2010 va 2016 yillarda faqat Toshkent shahrida o‘tkazilgan edi.
O‘zA