Xitoy telekanallarida Samarqand haqidagi film uch tilda namoyish etildi

Shanxay hamkorlik tashkiloti Samarqand sammiti oldidan Xitoyning SGTN kanali tomonidan “Samarqand – O‘zbekiston javohiri” nomli film suratga olindi va namoyish etildi.

ShHT sammitini yoritish maqsadida Samarqandga kelgan jurnalistlar orasida ushbu film ijodkori ham bor. Fursatdan foydalanib, film haqida, uni suratga olish bilan bog‘liq jarayonlar yuzasidan Xitoyning rus tilida efirga uzatiluvchi SGTN kanalining O‘zbekistondagi muxbiri Barchinoy Jo‘rayeva bilan suhbatlashdik.

-Nufuzli xalqaro anjuman avvalida telekanalimiz rahbariyati tashabbusi bilan Samarqandning o‘ziga xos jihatlari, tarixi, madaniyati bilan bog‘liq lavhalarni jamlagan film suratga olish taklifi berildi. Biz operatorimiz bilan Samarqandning ko‘pchilikka ma’lum, shuning barobarida bugungi yangilanayotgan hamda hali ko‘p tashviq etilmagan jihatlarni hisobga olgan holda lavhalarni yig‘gan holda film tayyorladik. Xitoylik hamkasblarimiz mazkur filmga arxiv kadrlardan qo‘shimcha lavhalarni kiritdi va ko‘pchilikka ma’qul film dunyoga keldi.

Alohida ta’kidlashni istardim, mazkur filmni tayyorlash jarayonida Samarqand viloyat hokimligi, axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyat bo‘limi tomonidan juda katta yordam ko‘rsatildi.
Shu tariqa Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammiti oldidan, qolaversa, Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpinning Samarqandga tashrifi oldidan mazkur film Xatoy telekanallarida xitoy, ingliz, rus tillarda namoyish etildi. Qolaversa, ijtimoiy tarmoqlarda katta auditoriyani yig‘di, deb aytolaman.

Gulruh MO‘MINOVA.