ShHTning “Samarqand ruhi” xalqaro hamkorlikka chorladi
29 sentyabr kuni ShHT Xalq diplomatiyasi markazi tomonidan poytaxtimizda “Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida madaniy-gumanitar hamkorlik vektorlari” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etildi.
Unda O‘zbekistonning ShHTga raisligi davrida madaniy-gumanitar sohada erishilgan natijalarni sarhisob qilish, Samarqand sammitida fan, ta’lim, madaniyat, turizm va sport sohalarini rivojlantirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni shakllantirish hamda o‘zaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlari muhokama etildi.
Kecha, 1 oktyabr kuni Samarqand shahrida ushbu konferensiyaning uzviy davomi sifatida O‘zbekistondagi ShHT Xalq diplomatiyasi markazi hamda xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamkorligida tadbir tashkil etildi.
"Rossiya va O‘zbekistondagi do‘stlik uylari, milliy madaniy markazlar - tinchlik, millatlararo totuvlik va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash uchun: etno-madaniy amaliyot va tajriba almashish" mavzusidagi mazkur davra suhbatida Saxa Respublikasining (Rossiya Federatsiyasi, Yoqutiston) A.Ye.Kulakovskiy nomli “Xalqlar do‘stligi uyi” muxtor muassasasi bilan O‘zbekistondagi ShHT Xalq diplomatiyasi markazi hamda Fond (Samarqand) o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzolandi.
Mazkur xalqaro tadbirda Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston Respublikalarining Xalq diplomatiyasi sohasidagi hamkor tuzilmalari vakillari, Do‘stlik uylari, milliy madaniy markazlar, taniqli mutaxassis va ekspertlar ma’ruzalar bilan ishtirok etdi.
Ayniqsa, YuNESKOning “Ezgu niyat elchisi”, akademik olima Aleksandra Ochirovaning Samarqand sammitining tashkiliy jihatlari va unda qabul qilingan qarorlarning dolzarbligi bo‘yicha fikr-mulohazalari davra suhbati ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Xalqaro tadbirlar jarayonida Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimovga ShHTning Samarqand sammitini tashkillashtirish, ichki va tashqi turizmni rivojlantirish orqali xalqlar do‘stligini yanada mustahkamlash, shu jumladan, yurtimizda Xalq diplomatiyasi rivojini ta’minlashdagi faol ishtiroki uchun O‘zbekistonda ShHT Xalq diplomatiyasi markazi tomonidan ta’sis etilgan “Xalq diplomati” ko‘krak nishoni taqdim etildi.
Ta’kidlash lozimki, ushbu ko‘krak nishoni ShHTga a’zo davlatlarda xalq diplomatiyasi rivojiga munosib hissa qo‘shgan parlament vakillari, fan, ta’lim, san’at va madaniyat arboblari, fuqarolik jamiyati ishtirokchilari, taniqli ayollar, turli sohalarda katta yutuqlarga erishgan yoshlar, shuningdek mazkur davlatlar xalqlarining o‘zaro hamkorligiga katta hissa qo‘shgan davlat arboblari, mazkur davlatlar tashqi ishlar tuzilmalari xodimlari, elchilar, xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlar, milliy-madaniy markazlar xodimlari taqdirlanadi.
Tadbir davomida mehmonlar Samarqand shahrining qadimiy obidalari va «Buyuk ipak yo‘li» xalqaro turizm markazida bo‘lishdi, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti faoliyati bilan tanishdi.