Samarqand dunyo ahli nigohida bo‘ladi
Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot kotibi Sherzod Asadov ishtirokida brifing o‘tkazildi.
Unda davlat rahbari ishtirokida joriy haftada o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirlar haqida ma’lumot berildi.
– Shubhasiz, nafaqat haftaning, balki butun yilning eng muhim siyosiy ahamiyatga ega tadbiri - 15-16 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining yigirma ikkinchi majlisidir, – dedi Sh.Asadov. – Tadbirda 8 ta a’zo mamlakat - O‘zbekiston, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, 3 ta kuzatuvchi maqomidagi mamlakat - Belarus, Eron, Mo‘g‘iliston va 4 ta mehmon sifatida taklif etilgan mamlakat - Turkiya, Ozarbayjon, Turmaniston, Armaniston davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etadi.
Shuningdek, Sammitda qatnashish uchun BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESKATO), YuNESKO, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Arab davlatlari ligasi, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash kabi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning rahbarlari taklif etilgan.
Avval tashkilotga a’zo davlatlar yetakchilarining tor doirada majlisi, so‘ng barcha delegatsiyalar ishtirokidagi kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tadi. Shu bilan birga, Sammit doirasida ikki tomonlama uchrashuvlar ham ko‘zda tutilgan.
Mazkur tashkilot doirasidagi hamkorlik mamlakatimiz tashqi siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlardan bo‘lib, keyingi besh yil davomida O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ShHT sammitlarida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-logistika, innovatsiya va boshqa sohalar bo‘yicha hamkorlik samaradorligini oshirishga doir 54 ta tashabbus ilgari surilgani ta’kidlandi. Shulardan 33 tasi hayotga tatbiq etilgan bo‘lsa, 17 tasi Samarqand sammiti davomida amalga oshirilishi kutilmoqda. Qolgan 4 tasi tashkilotga a’zo mamlakatlar bilan birgalikda ishlab chiqilmoqda.
O‘zbekistonning 2021-2022 yillarda mazkur tashkilotga raisligi davrida barcha hamkorlik sohalarida 80 dan ortiq tadbir muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Sammit pandemiyadan so‘ng ilk bor barcha a’zo davlatlar, kuzatuvchi hamda mehmon sifatida taklif etilgan mamlakatlarning to‘liq ishtirokida yuzma-yuz formatda o‘tkazilayotganligi bilan muhim ahamiyat kasb etadi. Sammitda imzolash uchun 30 dan ortiq hujjat taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Samarqand sammitining asosiy maqsadlaridan biri ShHT oilasini yanada kengaytirish masalasidir. Davlat rahbarlari kengashi doirasida ShHTga a’zolik maqomini olish uchun Eron Islom Respublikasining majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandum imzolanishi kutilmoqda.
Tadbirda qabul qilinadigan muhim hujjatlardan biri bu – Shanxay hamkorlik tashkiloti a’zo davlatlari o‘rtasida uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi Shartnomani 2023-2027 yillarda amalga oshirish bo‘yicha Keng qamrovli rejadir.
Ushbu strategik ahamiyatga ega hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va ShHTga a’zo barcha davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.
Bundan tashqari, ShHTning kuzatuvchi va muloqot bo‘yicha hamkorlar a’zoligini kengaytirish to‘g‘risidagi qarori qabul qilinadi.
Sammitning asosiy hujjati bu — a’zo mamlakatlarning eng muhim mintaqaviy va global muammolar bo‘yicha mujassamlashgan pozitsiyalari o‘z ifodasini topgan Samarqand deklaratsiyasi. Unda mintaqaviy barqarorlik, xavfsizlik va barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash, transport aloqalarini mustahkamlash, shuningdek, madaniy muloqotni chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shma yondashuvlar belgilab berilgan.
Shuningdek, Samarqanddagi sammit doirasida ShHT bilan Arab davlatlari ligasi, BMTning ixtisoslashgan tashkilotlari — ESKATO va YuNESKO o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumlarini imzolash rejalashtirilgan.
Sh.Asadovning qayd etishicha, davlatimiz rahbari sammit doirasida bir qator delegatsiyalar rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi, ular bilan hamkorlik holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashadi.