Eron ShHTga a’zolikka da’vogar

Eronning Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT)ga qo‘shilish tartibining boshlanishi Tojikistonda bo‘lajak sammitda e’lon qilinadi, deya xabar beradi "Kommersant" gazetasi manbalarga tayanib.

ShHT sammiti 16-17 sentyabr kunlari Dushanbeda bo‘lib o‘tadi. Hozircha tashkilotga Rossiya, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Pokiston, Tojikiston va O‘zbekiston a’zo bo‘lgan.

"Tez orada assotsiatsiya a’zolari to‘qqizta bo‘ladi. Dushanbeda bo‘ladigan sammitda davlat rahbarlari Eronni o‘z saflariga qabul qilshini e’lon qilishlari kerak", deyiladi maqolada.

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti - Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston rahbarlari tomonidan asos solingan doimiy hukumatlararo xalqaro tashkilot. ShHTni tuzish to‘g‘risidagi deklaratsiya 2001 yil 15 iyunda Shanxayda olti davlat rahbarlarining uchrashuvida imzolangan. 2017 yil 9 iyunda ShHTga a’zo davlat rahbarlari Hindiston va Pokistonni tashkilotga qabul qilish to‘g‘risidagi qarorga imzo chekishdi. Hozirda ShHTda kuzatuvchi davlatlar - Afg‘oniston, Belarus, Eron va Mo‘g‘uliston, sherik mamlakatlar - Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja, Nepal, Turkiya va Shri-Lanka hisoblanadi.

Qayd etilishicha, ShHTga a’zo bo‘lish jarayoni biroz ko‘proq vaqtni olishi mumkin.

Eron tashkilotga a’zo bo‘lish uchun 2008 yilda ariza bergan edi. Uning ShHTga kirishi masalasida noaniqlik mavjud. Eronning arizasini bunday uzoq ko‘rib chiqishining asosiy sababi prezident Mahmud Ahmadinejod (2005-2013) davrida Tehron tomonidan yadroviy dasturni rivojlantirish va unga javoban qo‘llanilgan xalqaro sanksiyalar edi. Hatto 2015 yilda Eron bilan yadroviy bitim tuzilganida ham Eronning ShHTga qo‘shilish jarayoni tezlashmadi, aksincha, 2018 yilda kelib AQSh bitimdan chiqishi va kelishuv bekor qilinishi tufayli qiyinlashdi. Eronga qarshi sanksiyalar qayta tiklandi va Tehron, o‘z navbatida, shartnoma bandlaridan bosqichma-bosqich voz kecha boshladi va uranni boyitishda davom etdi.

Hozir Vena shahrida Harakatlarning qo‘shma keng qamrovli rejasini qayta tiklash va AQShning Eronga qarshi sanksiyalarini bekor qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. 20 iyun kuni oltinchi raund yakunlandi.