Eron va O‘zbekiston rahbarlarining Samarqand shahridagi uchrashuvi yorug‘ istiqbol belgisidir
So‘nggi ikki yil ichida ikki do‘st va birodar davlat – Eron Islom Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlar barcha sohalar va turli yo‘nalishlarda rivojlanib bormoqda. Ikki davlatning oliy rahbariyati o‘rtasida turli darajadagi samarali uchrashuvlar amalga oshdi. Hatto koronavirus pandemiyasi davrida ham aloqalar uzilib qolmasdan, ikki mamlakat mutasaddilari va mutaxassislari o‘rtasida telefon muloqotlari va videokonferensiya shaklidagi uchrashuvlar ko‘rinishida davom etdi.
Siyosiy aloqalar ikki davlat o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazilishi hamda tashqi ishlar vazirlarining Toshkentdagi uchrashuvi bilan jonlanib, boshqa sohalardagi aloqalarning jonlanishi uchun turtki bo‘lib xizmat qildi.
Eron va O‘zbekiston o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning oltinchi raundi olti yillik tanaffusdan keyin O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosarining Tehronga tashrifi davomida o‘tkazildi. Bundan buyon ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning yilida bir martadan muntazam tarzda o‘tkazib borilishi rejalashtirilmoqda.
Ikki davlat tashqi ishlar vazirlari o‘n yillik tanaffusdan keyin Toshkentda uchrashib, ikki tomonlama muzokaralarni amalga oshirdilar. Bu uchrashuv Eron va O‘zbekiston munosabatlarini ko‘pgina sohalarda rivojlantirish uchun bir debocha bo‘lib xizmat qildi.
2022 yil 20-21 fevral kunlari Tehron shahrida Eron Islom Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning o‘n to‘rtinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, uch vazir, bir necha vazir o‘rinbosarlari, vazirliklar boshqarmalari boshliqlari hamda turli uyushmalar va kompaniyalar rahbarlaridan tashkil topgan oltmish kishidan iborat yuqori darajali delegatsiya ishtirok etdi. Bu ikki davlat munosabatlari tarixida Eron Islom Respublikasiga tashrif buyurgan eng yirik O‘zbekiston delegatsiyasi bo‘ldi.
O‘zbekiston delegatsiyasi ushbu tashrif davomida Eron Islom Respublikasi rahbariyati, jumladan Prezident, Prezidentning iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari, Prezidentning fan va texnologiyalar bo‘yicha o‘rinbosari, Sanoat, kon va savdo vaziri, Qishloq xo‘jaligi vaziri va boshqalar bilan uchrashdi, Eron Savdo-sanoat palatasida bo‘lib o‘tgan Eron-O‘zbekiston biznes forumida ishtirok etdi. Hukumatlararo komissiyaning o‘n to‘rtinchi majlisi yakunlari bo‘yicha turli sohalarga oid bir qator muhim hujjatlar imzolandi. Mazkur hujjatlar ikki mamlakatning turli sohalardagi aloqalari rivoji uchun zamin tayyorlashga xizmat qiladi.
Ikki davlatning muhtaram prezidentlari Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining 2021 yil 16-17 sentyabr kunlari Dushanbe shahrida va Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining 2021 yil 28 noyabr kuni Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan sammitlari doirasidagi uchrashuvlarda ikki mamlakat aloqalarini har tomonlama rivojlantirishga alohida urg‘u berib, barcha tegishli vazirliklar va idoralarga bu boradagi kerakli ko‘rsatmalarni berdilar. Hozirgi paytda barcha sohalardagi hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risidagi Yo‘l xaritalari tayyorlanmoqda.
Ma’lumki, so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasida rivojlanib borayotgan aloqalarga xos bo‘lgan xususiyatlaridan biri ushbu aloqalarning diversifikatsiyalashtirilganidir. Bugungi kunda ikki mamlakat yaxshi siyosiy va savdo-iqtisodiy munosabatlar, transport sohasidagi aloqalar, mintaqaviy va xalqaro masalalardagi hamkorlikdan tashqari parlamentlararo aloqalar, oliy ta’lim, madaniyat, san’at va turizm sohalaridagi hamkorlikni ham boshlab yuborgan. Eron va O‘zbekiston o‘rtasida madaniyat, turizm hamda fan va texnologiyalar sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risidagi hujjatlarning imzolanishi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarda o‘ziga xos yangi hodisa bo‘lib, o‘zaro aloqalarda o‘zgarish yasaydi.Ushbu muhim hujjatlardan biri Madaniyat sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Anglashuv memorandumidir. Bu hujjat ikki mamlakatda o‘zaro madaniyat haftalarini o‘tkazish imkoniyatini yaratadi. Shunga ko‘ra joriy yil oxirigacha bo‘lgan muddat ichida O‘zbekistonning ayrim shaharlari, jumladan Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xivada Eron Islom Respublikasi madaniyat haftasi tantanali va o‘ziga xos bir tarzda o‘tkazilishi mo‘ljallanmoqda.
Eron va O‘zbekiston o‘rtasida Xavfsizlik sohasidagi hamkorlik bo‘yicha qo‘shma komissiyaning tuzilishi mamlakatimizning nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlaridagi yangi bir hodisa bo‘lib, Eron ushbu mintaqa davlatlari orasida birinchi bo‘lib O‘zbekiston bilan shunday komissiyani tuzdi. Ushbu komissiyani tuzish to‘g‘risidagi hujjat Eron Islom Respublikasi Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Shamxoniyning O‘zbekistonga tashrifi davomida imzolandi. Ushbu sohadagi hamkorlik boshqa sohalardagi hamkorlikka ham ijobiy ta’sir ko‘rsata oladi.
Eron va O‘zbekiston o‘rtasida parlamentlararo munosabatlar sohasidagi hamkorlik ham yaqinda – ikki yil oldin boshlandi, jumladan har ikkala davlatda parlamentlararo do‘stlik guruhlari tuzildi. 2022 yilning 12-14 iyul kunlari Eron Islom Respublikasi Islomiy Kengash Majlisi raisi birinchi marta O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Eron parlamenti rahbari boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonda iliq kutib olindi. Kelgusi bir necha oy ichida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Eron Islom Respublikasi Islomiy Kengash Majlisi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhi raisining Eronga tashrif buyurishi kutilmoqda. Parlamentlararo hamkorlik aloqalari, jumladan parlamentlar delegatsiyalarining o‘zaro tashriflari ikki mamlakat o‘rtasida ko‘plab sohalardagi ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlikning rivojlanishi uchun zamin yarata oladi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy sohadagi aloqalar ham rivojlanib bormoqda. O‘tgan 2021 yili Eron va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo ayriboshlash hajmi oldingi yilga nisbatan 73%ga oshib, 431 mln. AQSh dollarini tashkil etdi. Biroq bu hajm ikki xalq o‘rtasidagi qardoshlik rishtalariga va ikki mamlakatda mavjud iqtisodiy potensialga mos emas. Shunga ko‘ra bu yo‘lda tashlanishi kutilayotgan ilk qadam ikki mamlakatning o‘zaro yillik savdo ayriboshlash hajmini yaqin kelajakda 2 mlrd. yevroga yetkazishni maqsad qilib qo‘yishidan iborat bo‘ladi.
Ikki mamlakat bozori va potensiallari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya majlislarining hamda qo‘shma ko‘rgazmalarning muntazam tarzda o‘tkazib turilishi, Eng ko‘p qulaylik rejimi asosida savdo hamkorligi to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish, Savdo imtiyozlari to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish ustidagi ishlarni nihoyasiga yetkazib, uni imzolashga tayyorlash, ikki mamlakat xususiy sektorlari kompaniyalari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, ikki davlat o‘rtasida vizasiz rejim o‘rnatish va fuqarolarning o‘zaro bordi-keldilarini osonlashtirish, kombinatsiyalashgan tashuvlarni rivojlantirish, erkin savdo rejimini o‘rnatish tomon harakat qilish, turli sohalardagi aloqalarning rivojlanish jarayonini doimiy ravishda monitoring qilib borish va ehtimoliy to‘siqlarni bartaraf qilish bu yo‘ldagi ta’sirchan va samarali chora-tadbirlardan bo‘lishi mumkin.
Hozirda natijaga yo‘naltirilgan amaliy ishlarni qilish hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarda, xususan savdo-iqtisodiy aloqalardagi ehtimoliy to‘siqlarni olib tashlash vaqti keldi. O‘tgan ikki yil davomida savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya majlisi o‘tkazilishidan tashqari ikki mamlakat tadbirkorlarining Eron va O‘zbekiston bozori va imkoniyatlari bilan yaqinroq tanishishlari uchun chora-tadbirlar amalga oshirildi. Joriy yilning 9-11 may kunlari Toshkent shahridagi «O‘zekspomarkaz» ko‘rgazmalar majmuasining 3-pavilonida Eron ishlab chiqarish va sanoat yutuqlari birinchi ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi, 20 iyul kuni esa Eron Islom Respublikasi prezidentining ilm-fan va texnologiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Sureno Sattoriyning O‘zbekistonga tashrifi doirasida Eronning 30 ta innovatsion kompaniyasi ishtirokida «O‘zbekiston - Eron fan va innovatsiya forumi» o‘tkazildi. Bular ikki xalqning fan va texlogiyalar sohasidagi hamkorligining rivojlanishi, ikki o‘rtadagi aloqalarning chuqurlashishi va madaniy bog‘liqliklarning kengayishiga xizmat qiladi. Hozirgi kunda Eron Islom Respublikasining O‘zbekistonda innovatsiya markazlari ochishi hamda bu sohada birgalikdagi qadamlar tashlashi uchun shart-sharoitlar muhayyo.
Baxtimizga ikki mamlakatning iqtisodiy salohiyatlari bir-birini to‘ldiruvchi hisoblanadi. Eron yo‘nalishi O‘zbekistonning ochiq dengizga chiqishi uchun eng qulay yo‘ldir. Ikki mamlakatning bir yuz yigirma million kishilik bozori, shuningdek, Eron va O‘zbekistonda mavjud bo‘lgan mahsulotlar va tovarlarning xilma-xilligi ikki mamlakat tadbirkorlari uchun nodir imkoniyatdir.
Eron va O‘zbekistonning xalqaro va mintaqaviy masalalardagi qarashlari va pozitsiyalari bir-biriga judayam yaqin. Ikki davlat rahbarlarining xohish-irodasi o‘zaro aloqalarni har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan. Bu omillarning barchasi ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning mustahkamlanishiga xizmat qiladi hamda bizning o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadimiz – o‘zaro yillik savdo ayriboshlash hajmini 2 mlrd. yevroga yetkazishimizga yordam bera oladi.
Shunga ko‘ra, ikki mamlakat barcha, jumladan siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda o‘ta yorug‘ istiqbollarga egadir. Eron Islom Respublikasi prezidentining joriy yil sentyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari sammitida ishtirok etishi, ikki davlat prezidentlarining yigirma yillik tanaffusdan keyingi rasmiy tashrif doirasida ikki tomonlama uchrashuvi, ushbu uchrashuv yakunlari bo‘yicha turli sohalarga oid muhim hujjatlarning imzolanishi Eron Islom Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi har tomonlama munosabatlarda katta sakrash va burilish nuqtasi yasashi kutilmoqda.
Biz ikki mamlakat o‘rtasidagi har tomonlama munosabatlarining rivojlanishi yo‘lidagi barcha to‘siqlarni olib tashlash hamda ushbu aloqalarni rivojlantirish orqali dunyoda do‘stlik va birodarlikning munosib va yaxshi bir namunasini yarata olamiz.
Hamid Nayyirobodiy
Eron Islom Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi
Favqulodda va Muxtor Elchisi