Bir qancha davlatlar Shveysariyadagi sammitga borishdan bosh tortdi. Meksika, Nikaragua va Argentinaga nima yoqmadi?
Bugun, 7 iyunda bir qancha davlatlar o‘z delegatlarini Shveysariyaga Ukrainadagi mojaroni hal qilish bo‘yicha tinchlik konferensiyasiga yuborishdan bosh tortganliklarini ma’lum qildi.
Nikaragua tashqi ishlar vazirligi bo‘lajak sammitni "siyosiy fars" deb bilishini aytdi. Diplomatlarning ta’kidlashicha, sammit ishtirokchilari tinchlik yo‘lini topish niyatida emas, faqat “Rossiyaga yana bir ultimatum qo‘ymoqchi”.
Meksikaning Moskvadagi elchixonasining xabar berishicha, Mexiko sammitda Rossiya tomoni ishtirok etmagani uchun olingan taklifni rad etgan. “Mamlakatimiz tinchlik tarafdori, shuning uchun biz tez orada mojaroning har ikki tomoni ishtirok etadigan muzokaralar o‘tkazilishini kutamiz”, - dedi diplomatlar.
Argentina prezidenti ham Xaver Miley Yevropa safariga qaramay Shveysariyaga borishdan bosh tortdi. Keyinchalik, uning 12 iyun kuni Italiyaga tashrif buyurishi, shundan so‘ng Argentinaga qaytishi ma’lum bo‘ldi.
Avvalroq Lotin Amerikasining yana bir davlati – Braziliya Shveysariyada Ukraina bo‘yicha o‘tadigan anjumanga yuqori martabali amaldorlarini yubormasligi xabar qilingandi. Sammitda faqat siyosiy qarorlar qabul qilish vakolatiga ega bo‘lmagan Braziliyaning Berndagi elchisi ishtirok etadi.
Braziliya va Xitoy Shveysariyadagi tinchlik sammitiga muqobil taklifni ilgari surmoqda. Ikki davlat tomonidan tashkil etilgan sammit Ukrainadagi mojaroda qatnashayotgan barcha tomonlarning teng ishtirok etishini, shuningdek, barcha tinchlik rejalarini adolatli muhokama qilishni nazarda tutadi. Bungacha Pekin Shveysariya konferensiyasida ishtirok etishdan bosh tortgan va buni Xitoyning muzokaralarda Rossiya va Ukraina uchun teng pozitsiyaga ega bo‘lish talabiga mos kelmasligi bilan izohlagan.