«O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy» temir yo‘li Xitoyga masofani 900 kilometrga qisqartiradi
Zilola YuNUSOVA, Xalqaro munosabatlar bo‘yicha axborot tahliliy markazi bo‘lim boshlig‘i:
-ShHT Samarqand sammiti doirasida O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi, Qirg‘iziston Respublikasi Transport va kommunikatsiyalar vazirligi, Xitoy Xalq Respublikasi Taraqqiyot va islohotlar davlat qo‘mitasi o‘rtasida «O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy» temir yo‘li qurilishi (Qirg‘iziston hududida) loyihasi bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida uch tomonlama bitim imzolandi.
Mazkur hujjat bilan Qirg‘iziston Respublikasi hududidagi temir yo‘l qurilishi loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha barcha ishlar 2023 yilning birinchi yarim yilligida yakunlash belgilangan.
Ta’kidlash joiz, loyiha Xitoydan O‘zbekiston orqali Yevropaga tashuvlarni hamda savdo geografiyasini kengaytirish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Mazkur temiryo‘lning qurilishi 2023 yilda boshlanishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, muhim ahamiyatli loyiha sanaladi. Sababi, u mavjud koridorlarga nisbatan 900 kilometrga qisqa hisoblanadi, agar yanayam aniqroq aytadigan bo‘lsak, Markaziy Osiyo davlatlaridan Xitoyning Sitszyan shahrigacha 7-8 kunni tashkil qiladi. Ushbu transport koridorining ishga tushirilishi natijasida Markaziy Osiyoning tranzit salohiyati oshadi, eksport hajmi ko‘payadi. Keyingi yillarda global iqtisodiyotda yuzaga kelayotgan qator muammolar imkon qadar ko‘proq transport tranzitlari bo‘lishini taqozo etmoqda.