Samarqand mehmonlarni chorlaydi

Ikki kundan buyon Samarqand xalqaro aeroportida ShHT 22-sammitida ishtirok etish uchun qadimiy va hamisha navqiron kentga kelayotgan davlat rahbarlari va nufuzli delegatsiyalarning kutib olish jarayonlarini onlayn tarzda yorityapmiz. “O‘zbekiston 24”  telekanali va O‘zA muxbir, operatotorlari bilan birga, hamfikrlikda ishlayapmiz. Xorijlik hamkasblarimiz bilan suhbatlashyapmiz.

Bularning hammasi taassurotlarga boy. Muhimi, bu men uchun juda katta tajriba maktabi bo‘lyapti. Axir o‘n beshga yaqin davlat va hukumat rahbari, o‘ndan ortiq xalqaro tashkilotlar rahbarlariga mamlakat ostonasida peshvoz chiqish paytini kuzatish, ularning ilk hayajon va hayratiga guvoh bo‘lishning o‘zi katta maktab.

Belgilangan protokol bo‘yicha xorijiy davlatlar samolyoti Samarqand xalqaro aeroportiga qo‘nishi oldidan faxriy qorovul saf tortadi. Har bir mehmon mamlakatimiz hukumati rahbariyati tomonidan alohida ehtirom bilan kutib olinmoqda.

Bugunning o‘zida erta tongdan boshlab o‘ndan ziyod havo kemasi Samarqandning yangi, ko‘rkam aeroporti kelib qo‘ndi. Ularning har birida O‘zbekistonga, ShHT sammitida qatnashish uchun oshiqayotgan insonlar, mamlakatimizning do‘stlari keldi.

Necha asrlarki, dunyo ahli Samarqandga talpinadi. Yer yuzining sayqali bo‘lgan bu zamin ko‘plab ulug‘ zotlarni, allomalaru davlat arboblarini o‘ziga rom etgan, oshufta qilgan.

Bugun ham butun dunyo nigohi Samarqandga qadalgan. Yangi O‘zbekiston buyuk sohibqiron Amir Temur bobomizning ko‘p asrlar ilgari tarixga muxrlab ketgan “Kuch — adolatda” degan ezgu g‘oyasini amalga oshirayotgan voris bo‘ldi.

Quyosh botyapti. Xalqaro aeroport atrofidagi bayroqlar shamolda hilpiraydi. Yuragim hapqiradi, ko‘zlarim quvnaydi. Ular yana yangi mehmonlarni chorlayotgandek.

Abdulaziz MUSAYeV,

O‘zA muxbiri.