Shohida Ahmedova: Maqsadim olimpiada va jahon chempioni bo‘lish

Shohida Ahmedova 2001 yilda Oqdaryo tumanida tug‘ilgan. 2014 yildan buyon sportning erkin kurash turi bilan shug‘ullanib keladi. Faoliyati davomida O‘zbekiston chempioni, Osiyo va xalqaro turnirlar sovrindori bo‘lgan.
- 2002 yildan boshlab erkin kurash bilan shug‘ullanaman, - deydi Shohidaning ustozi Salomat Ko‘chimova. – Bir necha marta O‘zbekiston chempioni, Osiyo chempionati sovrindori, xalqaro olimpiadalar ishtirokchisi bo‘lganman. Faoliyatim davomida o‘rganganlarimni 8 yildan buyon Shohidaga va boshqa shogirdlarimga o‘rgatib kelyapman. Har bir sportchi mashg‘ulotda ko‘p kuch yo‘qotadi. Chunki mehnatsiz hech qanday natijaga erishib bo‘lmaydi. Mashg‘ulot jarayonida eng ko‘p mehnat qilgan sportchi musobaqada albatta, yutadi. Shogirdlarimga buni ko‘p uqtiraman. Shohida yosh bo‘lishiga qaramay, mehnatkash va intiluvchan, o‘z ustida ishlashni yoqtiradi va mashg‘ulotlarda kam xato qiladi. U doim olimpiada va jahon chempioni bo‘lmagunimcha shug‘ullanaman, maqsadim yo‘lida hech narsa to‘siq bo‘lolmaydi, deydi.
Shohida Ahmedova hozir musobaqalarga tayyorgarlik ko‘ryapti. U 10-17 sentyabr kunlari Serbiyada o‘tkaziladigan turnirda qatnashadi.
- 2015 yilda trenerim Salomat Ko‘chimova qo‘l ostida ilk marta O‘zbekiston chempioni bo‘lganman, - deydi Shohida. – Shundan so‘ng terma jamoaga qabul qilindim va Adham Ochilov murabbiyligida yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida, Argentinaning Buenos-Ayres shahrida o‘tkazilgan III yozgi o‘smirlar olimpiya o‘yinlarida kumush hamda o‘tgan yil Tokio olimpiadasida bronza medalni qo‘lga kiritdim. Yaqinda Islom birdamligi o‘yinlarida ham kumush medal nasib etdi. To‘g‘risi, bu natijalarim men uchun maqtashga arzimaydi. Maqsadim – olimpiada va jahon chempionligini qo‘lga kiritish. Buning uchun astoydil harakat qilyapman. Yaqinda mashg‘ulotlar tugaydi va Serbiyada o‘tkaziladigan musobaqada ishtirok etaman. Keyin Parij-2024 olimpiadasida chempionlikni qo‘lga kiritishni maqsad qilganman.

Fazliddin Ro‘ziboyev.