Silk Avia yo‘lovchilarni aviachiptalar bilan bog‘liq firibgarlikdan ogohlantirdi
Ma’lum bo‘lishicha, oxirgi bir necha kun ichida Silk Avia aviakompaniyasi parvozlariga aviachiptalarni sotish bilan bog‘liq bir nechta firibgarlik holati qayd etilgan.
Mahalliy aviaqatnovlar terminalining ro‘yxatdan o‘tish peshtaxtasiga yo‘lovchi kelib, xodimga "Toshkent-Termiz" yo‘nalishi uchun aviachipta bo‘lgan hujjatni uzatgan. Biroq hujjat faqatgina ushbu reys uchun bronning bosma nusxasi bo‘lib chiqqan. Yo‘lovchining ta’kidlashicha, bunday chipta unga Toshkent shahri kassalaridan birida sotilgan.
Aviakassaga qo‘ng‘iroqdan so‘ng ushbu yo‘lovchiga pul qaytarilgan, shundan so‘ng yo‘lovchi aeroport kassasidan chipta sotib olib, Termizga uchib ketgan.
Silk Avia mintaqaviy aviakompaniyasining reyslariga chiptalarni faqat aeroport kassalarida yoki kompaniyaning “Silk-avia.com” rasmiy sayti orqali onlayn xarid qilish mumkinligi qo‘shimcha qilingan.