So‘rovlarga javob bor

- Saylov okrugingizda 2020 yilda qanday loyihalar rejalashtirilgan? Ular ijrosiga kirishilganmi?
- Urgut tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari asosida okrug hududida bu yil bir qator yangi korxonalar, tadbirkorlik sub’yektlari faoliyat boshladi. Jumladan, “Isan Polvon Umar Juma" fermer xo‘jaligi 1 160 million so‘m o‘z mablag‘i va 100 million so‘m bank krediti evaziga intensiv bog‘ tashkil etdi. “Zebinso ona savdo majmuasi” korxonasi zamonaviy xizmat ko‘rsatish va savdo majmuasi tashkil qildi.
Kenagas mahallasida “Yoshlar mehnat guzari” ochildi. Bundan tashqari, investitsiya dasturi asosida 2 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
- Deputat sifatida bevosita o‘zingiz saylangan saylov okrugida mahalla yoki mehnat jamoasida qanday tadbir o‘tkazdingiz?
- Tersak, Uzunsoy, Omonqo‘ton, Ukrach, Dexqonobod mahallalarida saylovchilar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda aholining murojaatlari asosida tuman va viloyat tashkilotlarga 7 ta deputatlik so‘rovi yuborib, javob oldim. Shu va boshqa mahallalardagi ijtimoiy ko‘makka muhtoj 155 oilaga “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida oziq-ovqat mahsulotlari yetkazilishiga amaliy yordam berdim. Hududdagi ta’lim va tibbiyot muassasalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash yuzachsidan tuman xalq ta’limi, maktabgacha ta’lim bo‘limlari va tuman tibbiyot birlashmasi bilan hamkorlikda zarur chora-tadbir belgiladik. “Saxovat poyezdi” tashkil etib, homiylar yordamida ijtimoiy ko‘makka muhtoj yoshlarga moddiy va ma’naviy ko‘mak berildi. Yigirma nafardan ortiq ishsiz yoshlar bandligi ta’minlandi.
- Deputat sifatida o‘zingiz saylangan saylov okrugi hududidagi aholi muammolarini hal etish yuzasidan yuborilgan oxirgi deputatlik so‘rovining mazmuni va natijasini sharhlang.
- Bu yil saylovchilarim talablari, muammolari yuzasidan mutasaddilarga 20 dan ortiq deputatlik so‘rovi yubordim va ularning 19 tasiga javob oldim. So‘nggi so‘rovim simyog‘och va transformatorlarni yangilash yuzasidan “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari” korxonasiga yuborilgan.
Elyor HAMROYeV,
59-Kenagas saylov okrugida viloyat Kengashi deputati.