Sortoylik fuqaro Tamara OTAQULOVA: G‘amxo‘rlikdan mamnunman

Tamara opa Payariq tumanining Bahor mahallasi Sortoy qishlog‘ida yashaydi. 65 yoshga kirgan onaxon uch nafar farzandning onasi.

Keyingi yillarda bronxit astma kasalligiga uchragach, bir necha shifoxonalarda davolandi. Buning uchun ancha mablag‘ sarflashiga to‘g‘ri keldi. Shuning uchunmi ro‘zg‘orida biroz yetishmovchiliklar kuzatildi.

Buni anglagan Samarqand viloyati hokimligi tomonidan tashkil etilgan Jamoatchilik nazorati guruhi tarkibidagi 2-ishchi guruh a’zolari mahalladagi o‘rganish davomida Tamara opaga ko‘maklashishga qaror qilishdi. Dastlab onaxon xonadoniga “Bolta” qishloq vrachlik punkti tibbiyot xodimlari chaqirildi. Shifokor Shuhrat G‘oziyev T.Otaqulovaning salomatligini tekshirib, unga tuman shifoxonasida imtiyozli davolanish uchun yo‘llanma berdi.

Shuningdek, homiy tashkilot va tadbirkorlar onaxonning foydalanilgan tabiiy gaz to‘lovidan bo‘lgan mavjud qarzdorligini to‘lab berishga kelishib oldi.

- Ochig‘i, ba’zida ro‘zg‘or tashvishlari yoki yetishmovchiliklar tufayli salomatligimizga bee’tibor bo‘lamiz va kommunal to‘lovlardan qarzimiz ortib ketadi, - deydi Tamara Otaqulova. – Ayni paytda bizda shu ahvol kuzatilyapti. Rahmat, bugun viloyat hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan guruh a’zolari xonadonimizga kelib, ko‘plab muammolarimizdan forig‘ qildi. Buning uchun minnatdorman. Albatta, bu g‘amxo‘rlikdan biz boqimandalik kayfiyatiga tushmaymiz. Aksincha, bu ko‘mak tufayli qaddimizni tiklab, davlatimizga foyda keltirish uchun mehnat qilamiz, tomorqa va boshqa imkoniyatlardan samarali foydalanamiz.