SpaceX kompaniyasi kosmik sayyohlarni orbitaga olib chiqmoqchi
Joriy yilning to‘rtinchi choragida Crew Dragon kosmik kemasini "dunyoda birinchi bor to‘liq tijoriy ekipaj bilan" orbitaga yuborish rejalashtirilmoqda, deya ma’lum qildi Amerika SpaceX kosmik texnologiyalar ishlab chiqaruvchi kompaniyasi.
Inspiration 4 deb nomlangan missiyada parvozning to‘rt ishtirokchisidan biri Shift4 Payments asoschisi Jared Ayzekman bo‘ladi. Shu oy oxiriga qadar ismlari e’lon qilinishi ko‘zda tutilgan qolgan uch joy kimga nasib qilishi aniq emas.
37 yoshli tadbirkor va ishqiboz-uchuvchi missiya haqini to‘liq to‘ladi. To‘lov miqdori haqida ma’lumot berilmagan. Shuningdek, u kosmos parvozidan foydalanib, Memfis (Tennessi shtati)dagi Ct.Jude Children’s Research Hospital bolalar kasalliklari, asosan bolalar onkologik kasalliklariga ixtisoslashgan kasalxona uchun 200 million dollar xayr-ehson yig‘ishni mo‘ljallagan. Bolalar shifoxonasiga xayriya qilgan har bir kishi ekipaj a’zosi bo‘lishi mumkin.
Ayzekmanning so‘zlariga ko‘ra, xayriyadan tushadigan jami pul missiya bahosidan sezilarli darajada oshib ketadi.
SpaceX asoschisi Ilon Maskning aytishicha, parvoz ikki kundan to‘rt kungacha davom etadi. "Bu barcha uchun kosmosni ochish yo‘lidagi muhim voqea", dedi u matbuot anjumanida.
Parvozdan oldin missiyaning barcha ekipaj a’zolari SpaceX kompaniyasida puxta tayyorgarlikdan o‘tishlari kerak bo‘ladi.
Kosmik kema Florida shtatidagi Kanaveral burun kosmodromidagi uchirish maydonidan Falson-9 raketasida uchiriladi. Missiya tugagandan so‘ng, Crew Dragon Florida sohillarida suvga yumshoq qo‘nishni amalga oshiradi, deya xabar beradi SpaceX.
G.Xoldorova tayyorladi.