Stalinning qatl ro‘yxatida 1-kategoriyaga tirkab qo‘yilgan ziyoli haqida bilasizmi?

Mo‘min Xo‘jayev 1898 yil Xo‘jand shahridagi Og‘lixon mahallasida dunyoga kelgan. Otasi Sulaymonxo‘ja Xo‘jandning davlatmand insonlaridan biri bo‘lgan.

Mo‘minxo‘ja avval Xo‘janddagi eski maktabda ta’lim oldi. 1912 yil otasi uni shahardagi rus-tuzem maktabiga olib boradi. U to‘rt yillik ta’lim davrida rus tili bilan birga dunyoviy ilmlarni ham o‘zlashtirdi. So‘ng jadid taraqqiyparvarlarining safiga kirib, Xo‘jandda ochilgan yangi usul maktabida muallimlik bilan shug‘ullana boshlaydi.

Mo‘min 1918 yilning boshida avval Toshkentga, so‘ng Samarqand shahriga kelib o‘qituvchilar kursida ta’lim oladi. 1920 yil boshlarida Xo‘jand uyezdi xalq ta’limi bo‘limiga tashkilotchi bo‘lib ishga kirib, ko‘p o‘tmay mudir lavozimiga tayinlanadi. 1921 yil boshlarida o‘zining aqli zakovati, rahbarlik salohiyati tufayli partiya ishiga tortiladi va Xo‘jand tumani partiya qo‘mitasining tashviqot bo‘limi mudiri bo‘ladi. So‘ng Farg‘ona muzofotiga yo‘llanadi. 1924 yilning ikkinchi yarmidan 1925 yil boshlarigacha «Zarafshon» gazetasi muharriri sifatida faoliyat ko‘rsatadi.
Mo‘min Xo‘jayev O‘zbekistonning tashkil etilishi jarayonida faol ishtirok etgan. 1926-27 yillar O‘zSSR Maorif xalq komissari lavozimidagi davri o‘ta samarali kechadi. Uning “Zarafshon” gazetasida “Xotin qizlarni ommaviy va madaniy ishlarga jalb etaylik”, “Yaqin vazifalarimiz” maqolalari jamiyatda xotin-qizlar o‘rni va muallimlarning obro‘si, ular xalqning ilg‘or qismi bo‘lishi zarurligini ta’kidlaydi.

Mo‘min Xo‘ja maqolalarida butun viloyat va tuman maorif sho‘’balari va maorif komissarligining markazlashtirilgan muassasalari, o‘qituvchilar, qiroatxona va kutubxona nozirlariga murojaat qilib, farzandlarimizni ilmli qilish uchun fidoyilik ko‘rsatishga chaqiradi. Shuningdek, madaniyat va san’atni rivojlantirish yo‘lida san’atshunoslar, san’atkor, dramaturg, aktyorlarga o‘zi bosh bo‘lib, jonbozlik ko‘rsatadi. Bu haqda Cho‘lpon o‘z maqolasida “...Davlat bazm-cholg‘u (konsert) to‘dasi” tashkil qilinmoqchi bo‘linib, bu ishni ashulachimiz Muhiddin qori Yoqubiyga topshirilganini gazetalarda o‘qub edik. U to‘g‘rida Maorif komissari Mo‘min Xo‘janing maxsus maqolasini o‘qigach, u ishga mazkur komissarlik tomonidan qanday jiddiy ahamiyat berilganini ham o‘rgangan edik. Maorif komissarligimiz so‘nggi vaqtlarda ilm-madaniyat ishlarining boshqa xillari qatorida ingichka san’atlarga ham jiddiy ahamiyat bera boshladikim, buni ko‘rgach sevinmay va uni olqishlamay tura olmaymiz”, deb yozadi.

Mo‘min Xo‘ja faoliyatiga oid, aniqrog‘i, uning tashabbusi ortidan erishilgan muhim tadbir, bu Samarqanddagi pedagogika akademiyasi – oliy ta’lim tarbiya institutining ochilishidir. Shu munosabat bilan yozgan maqolasida u “...Bizda hozir 60 lab o‘rta maxsus inpros va texnikumlar mavjud. Lekin bularni o‘qib bitirib chiqqan talabalarimiz uchun yuqori maktab oliy institutlar yo‘qligidan zorlanib ishlariga kirishardi. Ba’zi birlari Moskov, Leningrad, Boku kabi chet shaharlarga ketsalar-da ko‘plari kundalik ehtiyojlariga bandi bo‘lib qolaverar edilar.

...Institut to‘rt yillik bo‘lib, o‘zining oyoq qadami-la og‘ir mas’uliyatlik vazifalarga baqoli qadamini qo‘yg‘usidir. Biz dadil olqishli qadamlar bilan zo‘r muvaffaqiyatga erishib, oliy ta’lim-tarbiya institutini ochdik. Uni yashatish, gullatish, ijtimoiy hayotni qurishga bel bog‘lab oshiqinib turgan jiddiy o‘quvchilarimizga bog‘liq. Institut chindan-da yosh jumhuriyatimizning ishongan madaniy ilmiy frontda qahramonlar yetishtiradirgon umid ijtimoiy hayot uyi bo‘lsin!”, deydi.

Mo‘min Xo‘jayev 1932-1937 yillarda O‘zbekiston Ta’minot xalq komissari, “O‘zbeksavdo” uyushmasi direktori, “O‘zbeksavdo ishlab chiqarish” direktori lavozimlarida mehnat qiladi.
1937 yil 11 iyul kuni Mo‘min Xo‘jayev aksilinqilobiy “Milliy ittihod”, “Milliy istiqlol”, “Ittihodi Sharq” tashkilotlarining a’zosi, bosmachilarga yordam bergan deb qamoqqa olinadi. Aslida Mo‘min Xo‘jayev Stalinning qatl ro‘yxatida allaqachon 1-kategoriyaga tirkab qo‘yilgan edi.
Mo‘min Xo‘jayev ishida na bir so‘roq bayonnomasi, na yuzlashtirish bor. Faqat ishning so‘nggida 1937 yil 2 dekabr kuni mash’um “uchlik” (“Troyka”) tomonidan uning otuvga hukm etilgani ko‘rsatilgan. 1937 yil 21 dekabrda hukm ijro etilgan.

Bahrom Irzayev,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori.