Sud binosiga kelgan har bir fuqaro adolatga ishonishi kerak

Mamlakatimizda odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida o‘tgan 3 yilda 20 dan ortiq qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Islohotlar natijasida sudlar tomonidan ilk marotaba 2 ming 273 nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi. Shuningdek, jinoyat yo‘liga bilib-bilmay kirgan 3,5 mingdan ortiq yoshlar va xotin-qizlarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanmasdan, ular mahalla va jamoatchilik kafilligiga olindi. Inson huquqlarini buzganligi uchun 60 nafar huquq-tartibot idoralari xodimlari jinoiy javobgarlikka tortildi.

Bunday o‘zgarishlar odamlarimizda haqiqat va adolatga bo‘lgan ishonchni mustahkamlamoqda. Lekin Prezidentimiz joriy yilning 30 iyun kuni odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurash borasidagi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ta’kidlaganidek, bundan buyon deputat va senatorlar o‘zlari saylangan hududlarda sudyalar korpusi, sektor rahbarlari va jamoatchilikni jalb qilgan holda odil sudlovga ko‘maklashish va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha muntazam ravishda muloqotlar o‘tkazib borishlari lozim.

Aholi tomonidan ko‘tarilgan adolatsizlik holatlari va muammolar har chorakda mahalliy kengashlarda tanqidiy muhokama qilinib, mutasaddilar oldiga aniq savollar qo‘yiladi va mas’uliyatiga baho berib boriladi.

Oliy Majlisdagi maxsus qo‘mitalar har bir hududning odil sudlov va korrupsiya masalalariga oid reytingi yuritilishiga bosh-qosh bo‘lib, har yarim yilda natijalari bo‘yicha parlament eshituvlari va tekshiruvlarini o‘tkazib boradi.

Inson huquqlari markazi, Ombudsman, Toshkent davlat yuridik universitetiga “Inson qadr-qimmati - eng oliy qadriyat” maxsus o‘quv moduli bo‘yicha barcha huquq-tartibot idoralari rahbar xodimlarini o‘qitish vazifasi yuklatildi. Bu esa odil sudlovni ta’minlashning yana bir bosqichi sifatida xizmat qiladi.

Shohruh MIRZAAXMEDOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyasi.