SUD HIMOYASI IMKONIYATI OSHADI
Prezidentimizning 2020 yil 24 iyulda “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni e’lon qilindi.
O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Kozimjon KOMILOV bilan mazkur farmon mazmun-mohiyati va tizimda kutilayotgan o‘zgarishlar xususida suhbatlashdi.
— Yangi farmon sud tizimiga oid tarixiy qadam bo‘ldi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Butun dunyoda bo‘lganidek mamlakatimizda ham sudlarning mustaqil, xolis va adolatli faoliyat yuritishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Farmon ahamiyati haqida fikr bildirishdan oldin sohaga oid islohotlarga to‘xtalib o‘tsam.
Prezidentimiz rahbarligida cud tizimida muhim o‘zgarishlar amalga oshirildi. Avvalo, yagona sud amaliyoti shakllantirildi. Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tayinlashda oshkora va muqobil tanlov tizimi yaratildi. Sudya lavozimiga muddatsiz tayinlash amaliyoti joriy qilindi.
Sudyalar oldiga xalq bilan muloqot qilish, joylarga borib odamlar dardiga quloq tutish, manfaatlarini himoya qilish topshirildi.
To‘g‘risi, o‘sha paytda vaziyat ancha og‘ir edi. O‘sha kezlarda viloyatlarda o‘tkazilgan qabullarda jamiyatda adolatsizlik illati paydo bo‘lgani ayon bo‘ldi. Yashirishning hojati yo‘q, o‘sha paytda sudlar jamiyatdan uzilib qolgan, odamlarning sudyaga nisbatan ishonchi yo‘qolgan edi.
Davlatimiz rahbari shularni hisobga olib, sudlar oldiga odamlarning huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilib, ularning ishonchini qozonish, jamiyatda qonun ustuvorligi va adolatni ta’minlash vazifasini qat’iy qo‘ydi.
Buning amaliy ijrosi sifatida sudlar faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash yo‘lida muhim choralar ko‘rildi. Joylarda sayyor qabullar o‘tkazish muntazam yo‘lga qo‘yildi, sud raislari va ularning o‘rinbosarlari ishtirokida brifinglar o‘tkazish qat’iy qoidaga aylandi.
Ayniqsa, ommaviy axborot vositalari bilan mustahkam hamkorlik o‘rnatildi. Ilgari sud majlislariga kiritilmagan jurnalist, bloger va keng jamoatchilik uchun eshiklarimiz ochildi. Aynan ommaviy axborot vositalarining sudlarga ishtiroki tartibini belgilovchi Oliy sud plenumi qarori qabul qilindi.
Bu jarayonda qonunchilik asoslarini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Ayniqsa, sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha farmon hamda dalillar maqbulligiga oid qonunning qabul qilingani odamlarning dardiga malham bo‘ldi. Bu islohotlar nohaqlik tufayli umidini yo‘qotgan ko‘plab taqdirlar va oilalarga katta ishonch bag‘ishladi.
Natijada sudlar tomonidan keyingi yillarda 2 ming 273 fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi. Shuningdek, jinoyat yo‘liga bilib-bilmay kirgan 3,5 mingdan ortiq yoshlar va xotin-qizlarni mahalla va jamoatchilik kafilligiga olgani uchun ularga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilmadi. Inson huquqlarini qo‘pol ravishda buzganligi uchun huquq-tartibot idoralarining 60 nafar xodimi jinoiy javobgarlikka tortildi.
Yangi farmon bilan esa inson manfaatlariga qaratilgan bunday ezgu ishlar salmog‘i yanada ko‘payadi.
— Farmonga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvardan viloyat fuqarolik, jinoyat va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qat’iy ixtisoslashuvini saqlab qolgan holda yagona umumyurisdiksiya sudlari tashkil etiladi. Ayting-chi, bunga qanday zaruriyat bor edi?
— Bu fuqarolarning sudga murojaat qilishdagi ayrim to‘siqlarni bartaraf etish bilan bog‘liq. Aniqroq aytganda, viloyat sudlarining amaldagi tuzilmasi bir qator muammolarni keltirib chiqarmoqdaki, bu sudning mustaqilligi, odil sudlov sifati va samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Xo‘sh, bu muammolar nimalardan iborat? Birinchidan, har bir viloyatda jinoyat, fuqarolik va iqtisodiy sudlarning alohida-alohida faoliyat yuritishi, bir-biridan mustaqil ish ko‘rishi fuqarolar va tadbirkorlarning u suddan bu sudga qatnab sarson bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda. Bu, o‘z navbatida, joylarda turli xil noroziliklarni keltirib chiqaryapti.
Bu fikrimning isboti tariqasida 2019 yilning o‘zida 58 mingdan ortiq fuqaro va tadbirkorlar sudlardagi ovoragarchiliklarga nisbatan o‘z e’tirozini bildirganini aytib o‘tishim kerak.
Ikkinchidan, alohida sudlar mavjudligi yagona sud amaliyotini shakllantirishga to‘sqinlik qilmoqda. Masalan, qonun normalari sudlar tomonidan turli xil talqin etilmoqda. Bu, o‘z navbatida, sud qarorlari sifatiga ta’sir qilayotir. Oqibatda fuqarolarning huquqlarini qonuniy muddatlarda ta’minlash tamoyili buzilmoqda.
Uchinchidan, o‘rta bo‘g‘in umumiy yurisdiksiya sudlarining alohida faoliyat yuritishi xalqaro standartlar talabiga ham javob bermaydi.
Xorijiy davlatlarning bu boradagi tajribasiga e’tibor qaratsak, Fransiya, Italiya, Kanada, Janubiy Koreya, Qozog‘iston, Belarus va boshqa davlatlarda o‘rta bo‘g‘in umumyurisdiksiya sudlari fuqarolik, jinoyat va iqtisodiy ishlar bo‘yicha yagona sud sifatida muvaffaqiyat bilan faoliyat yuritib kelayotganini ko‘rish mumkin.
Qisqasi, farmonga ko‘ra, joriy etiladigan sudlar yangi tuzilmasida bitta rais va uning jinoyat, fuqarolik hamda iqtisodiy ishlar bo‘yicha qat’iy ixtisoslashgan o‘rinbosari bo‘ladi. Bu sudlarning boshqaruv tizimini takomillashtiradi, fuqarolarning muammosi shu viloyatning o‘zida hal bo‘ladi.
Ishonchim komilki, farmonda belgilangan bu vazifaning hayotga to‘laqonli joriy etilishi tez orada kutilgan natijasini beradi.
— Ma’muriy odil sudlov tizimini yaratish qanday natija beradi?
— Farmoniga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvardan tuman (shahar) ma’muriy sudlari negizida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo ma’muriy sudlar tashkil etiladi. Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga o‘tkaziladi.
Bunda Oliy sud ma’muriy sudlov ishlarini yuritish bo‘yicha oliy instansiya hisoblanadi va Oliy sud tarkibida raisning birinchi o‘rinbosari rahbarligidagi ma’muriy ishlar bo‘yicha hay’at faoliyat yuritadi.
Ma’lumki, butun dunyoda ma’muriy sudlar sud tizimida o‘ta muhim o‘rin tutadi. Chunki ma’muriy sudlar faoliyati mohiyat-e’tibori bilan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan, mahalliy hokimliklarning faoliyatida qonuniylikni ta’minlash, ularning noqonuniy qarorlarini haqiqiy emas, deb topish orqali fuqaro va tadbirkorlarning huquqlarini o‘z vaqtida hamda samarali tiklashga qaratilgan.
Misol uchun, ma’muriy sudlar tomonidan 2019 yil va 2020 yilning olti oyida hokimlarning 1909 qarori haqiqiy emas, deb topildi.
Bundan ko‘rinadiki, shuncha noqonuniy qarorlar bekor bo‘lishi bilan joylarda adolat tiklangan.
Ma’muriy sudlar tomonidan amalga oshirilayotgan bunday ijobiy ishlarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Demak, bundan uch yil muqaddam shaxsan Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda ma’muriy sudlarning tashkil etilishi amalda o‘zini to‘liq oqladi.
Ammo bu tizim ham ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda takomillashtirib borishni taqozo qiladi.
Chunki ma’muriy sudlar faoliyatida muammolar yo‘q emas. Birinchidan, tuman miqyosida ma’muriy sudlar mustaqil faoliyat yuritishida turli xil qiyinchiliklarga duch kelmoqda; ikkinchidan, ommaviy-huquqiy nizolarni ko‘rishga ixtisoslashgan ma’muriy sudlarga tabiatiga ko‘ra bir-biriga zid bo‘lgan ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlarni ko‘rish ham yuklatilgan.
Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rish vakolatining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga olib berilishi juda to‘g‘ri va adolatli bo‘ladi. Chunki jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar sudyalari doimiy ravishda ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib kelgan. Yana shu tartib joriy etilishi jinoyatchilik bo‘yicha haqiqiy holatni to‘g‘ri baholashga imkon beradi.
BMT rivojlanish dasturi, Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ) va Nagoya universiteti ekspertlari O‘zbekistonda ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlar ma’muriy sudlardan jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga o‘tkazilishi va ma’muriy sudlarni mustaqil sud sifatida saqlab qolishni to‘g‘ri qaror, deb baholagan.
— “Bir sud — bir instansiya” tamoyili qanday afzalliklarga ega?
— Bu tamoyil xalqaro tajribada sinalgan, umume’tirof etilgan dunyoda eng maqbul sud tizimi hisoblanadi. Bu tamoyilga ko‘ra, sud ish yurituviga kelib tushgan har qanday ish uch bosqichda yakuniga yetadi.
Buni soddaroq tarzda tushuntiradigan bo‘lsam, birinchi bosqich —tumanlararo, tuman (shahar) sudlari. Ikkinchi bosqich — apellyasiya (viloyat sudlari). Uchinchi bosqich — kassatsiya (Oliy sud).
Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan ana shu uch bosqichda har qanday ish o‘zining qonuniy yechimini topadi. Bu yangilikning joriy etilishi natijasida xalqaro tashkilotlar va ekspertlarning e’tiroziga sabab bo‘layotgan, eskilik sarqiti bo‘lgan, o‘z nomi bilan odil sudlovning mazmun-mohiyatiga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan nazorat tartibida ishlarni ko‘rish amaliyotidan to‘liq voz kechiladi.
Shu o‘rinda, Prezidentimizning sudyalarning adolatli qaror qabul qilishga ta’sir o‘tkazuvchi barcha omillarni, jumladan, Oliy sud raisi, Bosh prokuror va ular o‘rinbosarlarining sud hujjatlari ustidan nazorat tartibida protest keltirish huquqini bekor qilish to‘g‘risidagi taklifi ham juda to‘g‘ri.
Prokurorning ayrim huquqlari cheklanmoqda. Endilikda prokuror sudning hukmi, hal qiluv qarori, ajrimi va qarori bo‘yicha ishlarni faqat ushbu ishlar yuzasidan taraflar murojaat etgan taqdirda, suddan chaqirib olib o‘rganishi mumkin bo‘ladi. Boshqa hollarda prokuror ishlarni chaqirib olishga haqli emas.
Prokurorning fuqarolik va iqtisodiy ishlarni ko‘rishdagi ishtiroki ham qat’iy chegaralanadi.
Joriy etilayotgan yana bir yangilik — jinoyat ishini ko‘rishda dastlabki eshituv bosqichining kiritilishi jinoyat ishining ko‘rib chiqilishiga to‘sqinlik qiladigan omillarni tez aniqlash va bartaraf etishga xizmat qiladi.
Shuningdek, jinoyat ishlarini sudda ko‘rish uchun tayinlash bosqichida ish yuzasidan qarorlarni tortishuv tamoyili asosida taraflar ishtirokida qabul qilish tartibining belgilanishi ham odil sudlov odamlarning ko‘z o‘ngida, ochiq-oshkora, shaffof tarzda amalga oshirilishiga va adolat qaror topishiga xizmat qiladi.
— Farmonda Oliy sud tuzilmasida investitsiyaviy nizolarni va raqobatga oid ishlarni ko‘rish bo‘yicha alohida sudlov tarkibi tuzish belgilangan. Bu sudlov hay’atining maqsad va vazifalari nimalardan iborat?
— Bu juda katta yangilik hisoblanadi. Chunki ilgari bizda bunday sudlov tarkibi bo‘lmagan. Investorlarning huquq va manfaatlarini kafolatli himoya qilish, ularning ishonchini mustahkamlash maqsadida shunday maxsus sudlov tarkibi shakllantirilishi mamlakatimiz investitsiyaviy jozibadorligini oshirishi shubhasiz.
Demak, Oliy sud tizimida ixtisoslashtirilgan Sudlov tarkibi tashkil etiladi va uning zimmasiga yirik investorlarning (20 million dollardan ko‘p investitsiya kiritgan) va davlat organlari o‘rtasidagi investitsiyaviy nizolarni hamda raqobatga oid ishlarni ko‘rish vazifasi yuklatiladi.
Bunda quyidagi tartib o‘rnatiladi: yirik investorlar o‘z xohishiga ko‘ra, bevosita Oliy sud sudlov tarkibga yoki umumiy tartibda viloyat sudlariga murojaat qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Bunday sudlov tarkibning tashkil etilishi investorlar turli sud instansiyalari o‘rtasida 5-6 oylab sarson bo‘lib yurishining oldini oladi. Chunki endilikda ularning barcha muammolari bitta sud doirasida hal qilinishi ta’minlanadi.
— Sudlar faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish bo‘yicha Dastur loyihasi ishlab chiqilishidan maqsad nima?
— Ma’lumki, sudlar faoliyatida zamonaviy axborot texnologiyalarni keng joriy etish sudlarning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, fuqarolarning sudlarga murojaat qilish imkoniyatlarini kengaytirishda o‘ta muhim o‘rin tutadi.
Ammo bu borada o‘z yechimini kutib turgan bir qator muammolar mavjud. Shu bois farmon talabidan kelib chiqib, sudlar faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada kengroq joriy etish bo‘yicha maxsus Dastur ishlab chiqilmoqda. Unga ko‘ra, joriy yil yakuniga qadar sudlar faoliyatida “Adolat” axborot tizimlari kompleksi joriy etiladi.
Tizim orqali davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, advokatlik tuzilmalari hamda advokatlar sudlarga faqat elektron shaklda murojaat qilish imkoni yaratiladi.
Fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlari jinoyat ishlari bo‘yicha va ma’muriy sudlarga axborot tizimi orqali elektron murojaat qiladi. Murojaatlar holatini onlayn tarzda kuzatib borish mumkin bo‘ladi.
Sudlar tomonidan taraflarga ma’lumotlar elektron shaklda yuboriladi. Apellyasiya instansiya sudlarida ishlarni avtomatik ravishda taqsimlash imkoniyati yaratiladi.
Joriy yil yakuniga qadar barcha sudlarda sud majlislarini audioyozuvdan foydalangan holda majburiy qayd etib borish hamda sud majlislari bayonnomalarini ushbu tizimdan foydalangan holda yuritish tartibi joriy etiladi.
Sud majlislarida videokonferensaloqa rejimida ishtirok etish imkonini beruvchi mobil dastur ishlab chiqiladi. Bunda ishtirokchilar o‘zlari xohlagan joydan turib videokonferensaloqa rejimining mobil versiyasidan foydalangan holda sud majlislarida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Sudlar faoliyatida sun’iy intellektdan foydalanish tartibi joriy etiladi. 2021 yil 1 aprelga qadar Oliy sud axborot bazasi 15 vazirlik va davlat idorasi axborot tizimlariga integratsiya qilinishi orqali ma’lumotlar almashinuvi yuz foiz raqamlashtiriladi.
Videokonferensaloqa rejimi orqali jazoni ijro etish muassasalarida joylashgan shaxslarni bevosita ular joylashgan joydan turib sud majlislarida, shuningdek, sud rahbariyatining shaxsiy qabullarida ishtirokini ta’minlash tizimi yaratiladi.
Oliy sudning my.sud.uz interaktiv xizmatlar portalida “Sud xabarnomasi” xizmati joriy qilinadi. Bunda ishda ishtirok etuvchi shaxslarga sud xabarnomalarini inson omilisiz olish imkoniyati yaratiladi.
Ma’muriy sudlarda ma’muriy huquqbuzarlikka oid ko‘riladigan ishlar elektron ko‘rinishda shakllantiriladi.
Ishtirok etuvchi shaxslarga sud hujjatlarini elektron shaklda, shuningdek “SMS“ xabar hamda elektron pochta manziliga yuborish orqali ularni xabardor qilish tizimini yaratiladi.
Axborot tizimlarini integratsiya qilish orqali ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlash haqidagi sud hukmlari va uning ijrosiga doir ma’lumotlar elektron shaklda almashiladi. Sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar tomonidan jazoni ijro etish muassasasining axborot tizimi orqali sudlarga elektron shaklda murojaat qilish imkoniyati yaratiladi.
— Farmonda ayrim tuman sudlari tugatilib, ayrim tumanlarda yangi sudlar tashkil qilinishi belgilangan. Shu haqda ham to‘xtalib o‘tsangiz.
— Sud tizimi tuzilmasi aholining talab va ehtiyojlari, shuningdek, sudlarning ish yuklamasi inobatga olingan holda takomillashtirilmoqda. Xususan, 2021 yil 1 yanvardan Amudaryo, Nurobod, Pastdarg‘om va Boysun tuman iqtisodiy sudlari tugatilib, bu hududdagi iqtisodiy nizolarni ko‘rish vazifasi yaqin tumanlardagi sudlar zimmasiga yuklatiladi.
Chunki ushbu tumanlarning aholisi soni nisbatan kam va iqtisodiy sudlarning ish yuklamasi ham unchalik yuqori emas. Masalan, Boysun tumani iqtisodiy sudi 2020 yil 6 oyi davomida 21 ish ko‘rgan.
Aholi soni nisbatan ko‘p bo‘lgan hamda qo‘shni tuman sudlari uzoq masofada joylashgan Yangiyo‘l tumani, shahri, Urgut, Xatirchi, Paxtakor tumanlarida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlari va Pastdarg‘om tumanlararo iqtisodiy sudi tashkil etiladi.
Shuningdek, So‘x tumani anklav bo‘lgani, fuqarolarga chegaradan o‘tib, Rishton tumanidagi tumanlararo fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilish qiyinchilik tug‘dirayotgani inobatga olinib, tumanda fuqarolik ishlari bo‘yicha sud tashkil etiladi.
Bundan tashqari, yangi tashkil etilgan Bo‘zatov, Taxiatosh, Bandixon va Tuproqqal’a tumanlarida ham jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Umuman aytganda, Prezidentimizning ushbu tarixiy farmonida belgilangan muhim vazifalar mohiyat-e’tibori bilan sud himoyasi imkoniyati oshishiga xizmat qiladi.
O‘zA muxbiri
Norgul ABDURAIMOVA
suhbatlashdi.