Sud-huquq tizimi faxriylari va yosh sudyalar uchrashdi
Samarqand viloyati sudida uch avlod uchrashuvi o‘tkazildi. Tadbirda O‘zbekiston sudyalar assotsiatsiyasi raisi Ubaydulla Mingboyev, faxriylar, bugungi kunda faoliyat ko‘rsatayotgan sudyalar va tizimning yosh xodimlari ishtirok etdi.
Dastlab nafaqadagi to‘rt nafar faxriylar - Ahmad Husenov, Mamayusuf Sheryigitov, To‘lqin Qodirov va Arslon Usmonovga “O‘zbekiston sud faxriysi” guvohnomasi taqdim etildi. Guvohnomalarni U.Mingboyev tantanali ravishda topshirdi.
So‘ngra O.Hayitov soha faxriylarining mehnat faoliyati barcha sudya va sud xodimlari uchun ibrat maktabi ekanligini, shuningdek, faxriylar bugungi kunda ham shogirdlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, katta ko‘mak berayotganlarini ta’kidladi.
Ubaydulla Mingboyev “Uch avlod uchrashuvi"ning ahamiyati, samarasi, ustoz-shogirdlik munosabatlarining hayotda va xususan, sud tizimida juda muhimligini misollar bilan tushuntirdi. Shuningdek, sudning kecha va bugungi kuni, sobiq sovet davridagi qatag‘onlar, sud tizimi bosib o‘tgan mashaqqatli va suronli davrlar haqida gapirdi. Sohada fidoyilik bilan ishlab, tizim rivoji uchun katta hissa qo‘shgan ustozlar yodga olindi, ularning faoliyatidan misollar keltirildi. Ustoz shogirdlarga nasihatlar qilib, pok vijdon, halollik, adolat, kuchli bilim va hayotiy tajriba sudyaning borlig‘i bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.
Tadbirda faxriylardan Alisher Mardiyev, Ibrohim Ochilov, viloyat sudi sudyasi Bahodir Aliqulov yurtimizda mazkur sohada ro‘yobga chiqarilayotgan o‘zgarishlarning mohiyati va ahamiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Tadbirda yosh avlod vakillari ustozlar yo‘lidan borib, adolatni ustuvor bilish va e’tirofga loyiq bo‘lish haqida gapirdi.
Samarqand viloyati sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi.