Sudlarga elektron tarzda masofadan ariza va shikoyat kiritish mumkin

Ayni paytda davlat tashkilotlaridan ariza va shikoyatlar elektron tarzda qabul qilinmoqda. Buning uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining interaktiv xizmatlari portali - https://my.sud.uz/#/da murojaatlar bo‘limi https://exsud.sud.uz’ga o‘tish kifoya.

Ahamiyatlisi, portal orqali sudga murojaat qilishning namunalari bilan ham tanishib olishingiz mumkin. Bu kalkulyator xizmati orqali qancha to‘lash kerakligini bilib olib, ushbu amalni elektron tarzda bajarishingiz mumkin.

Savol tug‘ilish mumkin, nega birdan bunday tizimga o‘tildi?

Aslida jarayon tadrijiy tarzda amalga oshirilmoqda. Jumladan, davlatimiz rahbarining 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida sud-huquq sohasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish, fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yuksaltirish, ishlarni sudda ko‘rish sifatini oshirish hamda xolis, adolatli va qonuniy sud qarorlarini qabul qilish uchun taraflarning tengligi va tortishuvchanligini amalda ta’minlash mexanizmlarini kengaytirish ko‘rsatib o‘tilgan edi.

Shu asosda sudlar faoliyatida zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish, tadbirlar fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlariga o‘z huquqlari va manfaatlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilishni erkinlashtirish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi.

Bundan tashqari, Prezidentimizning 2020 yil 3 sentyabrdagi "Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorda 2022 yil 1 yanvardan boshlab sudlar faoliyatiga turli xil yengilliklarni beruvchi "Adolat” axborot tizimlari kompleksi joriy etilishi belgilandi.

Mazkur qarorga ko‘ra, endi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, advokatlar tomonidan sudlarga da’vo, ariza va shikoyatlarni faqat elektron shaklda taqdim etadi.

Muhimi, manfaatdor shaxslar tomonidan da’vo, ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqish jarayonini onlayn tarzda kuzatib borishi mumkin.

Shuningdek, sud majlisi ishtirokchilari tomonidan ma’lumotlar va hujjatlarni elektron shaklda yuboradi.

Bahodir Qarshiyev,

Samarqand viloyati hokimligi yuridik xizmati bosh yuriskonsulti.