“Sudyaning ongida - adolat, tilida - haqiqat, dilida - poklik ustuvor bo‘lishi lozim”

Muhtaram Prezidentimiz har gal sud tizimi, uning mustaqilligini amalda ta’minlash haqida gapirganida adolat tushunchasi, uning xalqimiz hayotida naqadar muhim ahamiyat kasb etishini hijjalab tushuntiradi. Buning sababi - huquqiy demokratik davlat va ochiq, erkin fuqarolik jamiyati sharoitida adolatni qaror toptirish sud hokimiyati orqali amalga oshiriladi.

Prezident Sh.Mirziyoyev shu yil 30 iyun kuni odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishda ham sudlar faoliyatiga alohida to‘xtalib “Sud binosiga kelgan har bir inson O‘zbekistonda adolat borligiga ishonib chiqib ketishi kerak”, deya ta’kidladi.

Prezidentimizning birgina ushbu fikri mamlakatimizdagi barcha sudyalar va sud tizimi xodimlari oldiga zalvorli vazifalarni qo‘ydi, ular zimmasiga juda katta mas’uliyat yukladi. Prezidentimizning sudlar oldiga qo‘ygan talabini bajarish har bir sudya faoliyatining asosiy maqsadi bo‘lib qolishi shart va zarur.

Ochig‘i, keyingi uch yilda sud tizimining shiddat bilan demokratik tarzda yangilanishi O‘zbekistondagi sud hokimiyati rivojlanishining tom ma’noda yangi davrini boshlab berdi. Sohada amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar natijasida sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoyasi kafolatlarini kuchaytirish va odil sudlovga erishish darajasi oshdi. O‘tgan qisqa davr ichida zamonaviy konsepsiyaga asoslangan mutlaqo yangi yagona sud tizimi yaratildi. Shu tariqa sud hokimiyati mustaqilligining konstitutsiyaviy prinsipini amalda ta’minlash imkoniyati vujudga keldi.

Qonun ustuvorligini ta’minlash va adolatni qaror toptirishda sudlarning o‘rni alohida ahamiyat kasb etadi. Sud O‘zbekiston davlati nomidan qaror qabul qiladi. Shunday ekan sudya sudyalik maqomiga mos kishi bo‘lib shakllanishi uchun yanada batafsilroq, qonunlarda yozilmagan, ammo amal qilishi lozim bo‘lgan insoniylik fazilatlarga ham qat’iy rioya etishi zarur. Sudya qanday masalani hal qilishidan qat’i nazar halollik, xolislik va qonun ustuvorligini ta’minlashda adolatli bo‘lishni o‘ziga shior qilib olishi lozim. Buning uchun o‘z kasbining bilimdoni, hayotiy tajribaga ega bo‘lgan, har tomonlama yetuk, saviyasi baland va huquqiy madaniyatli shaxs bo‘lishi, sudni odilona o‘tkazishi kerak.

Shu jihatdan odil sudlovni amalga oshirish har bir sudyaning asosiy ishi sanaladi. Joriy yilning o‘tgan 5 oyi davomida bu prinsipga qat’iy amal qilish bosh maqsadimiz bo‘ldi. Jumladan, jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat, tuman (shahar) sudlari tomonidan odil sudlovni amalga oshirish, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida shu yilning 5 oyi davomida muayyan ishlar amalga oshirildi. Bu davrda 1509 nafar shaxsga nisbatan 1258 ta jinoyat ishlari ko‘rib tamomlandi. Vaholanki, 2019 yilning shu davrida 1558 nafar shaxsning jinoyat ishi ko‘rilgan. Tahlil qilinayotgan davrda 360 (252) ta jinoyat ishi taraflarning yarashganliklari munosabati bilan Jinoyat kodeksining 661-moddasiga asosan tugatilib, 379 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod qilindi. 2019 yilda yarashganlik holati 282 ta edi.

2020 yil 5 oy davomida viloyat sudlarining barcha instansiyalarida 8 ta jinoyat ishi bo‘yicha 8 nafar shaxs oqlandi. Shu davrda 126 nafar shaxs sud zalining o‘zidanoq qamoqdan ozod qilindi. Muhimi, tamomlangan jami jinoyat ishlarning 39,9 foizi yoki 503 tasi sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqildi.

Bu misollarni bejiz keltirmadim. Har bir jinoyat ishi ortida inson taqdiri yotadi. Shu ma’noda sudyalik kasbida ishchanlik, hushyorlik, hayot tajribasini mukammal egallagan, tinimsiz harakat, mashaqqatli mehnat va yetti o‘lchab, bir kesish maqoliga amal qilish odat tusiga aylanmog‘i zarur. Sudyalar Prezident va xalqning ishonchiga sazovor bo‘lishlari uchun tegishli qonunlarda ko‘rsatilgan vakolati va majburiyati doirasida, mas’uliyatni chuqur his qilgan holda o‘z faoliyatini samimiyat bilan, beg‘araz bajarishi kerak.

Darvoqe, Prezidentimiz 2018 yilda Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida “Sudyaning ongida - adolat, tilida - haqiqat, dilida - poklik ustuvor bo‘lishi lozim”, degan purma’no gaplarni aytgandi. 30 iyun kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda ham bu kalom bot-bot takrorlandi.

Darhaqiqat, ishi sudga tushgan har qanday shaxs sudyadan faqat haqiqat va adolat kutadi. Shuning uchun sudya o‘z ish faoliyatida e’tiborsizlikka yoki tavakkalchilikka yo‘l qo‘yishi aslo mumkin emas!

O.HAYITOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi raisi.