Suratga ko‘chgan og‘riqlar
Umrni oqar suvga mengzaydilar. Bu bejiz emas. Inson umri davomida katta dovonlardan o‘tib, hayotning goh achchiq, zardobli, gohida sokin nuqtalarida toblanib boradi. Shunday paytlarda ba’zan beg‘ubor bolalikka qaytgisi, tuproq bosgan so‘qmoqlarda oyoqyalang kezgisi kelaveradi.
Yoshligimda Afrosiyob tepaliklarida ko‘p bo‘lganman. Teshiktosh yonida shamolning uvlab ajdodlarimiz qismatini so‘ylaganlarini eshitganman. Tepalikda turib, qo‘lida nayzayu qilich tutib, “urho-ur” qilgan bobolarimni, dashtni larzaga keltirib, ot chopgan, tomirida ajdodlarimiz qoni ko‘pirgan To‘maris, Biy bobosining o‘g‘li Alpomishga ibrat bo‘lib, oriyat uchun Ko‘kamanni kurashda yengib, ko‘kragiga tizzasini bosgan jangovar Barchinoyni tasavvur qilganman.
Toshlarda muhrlangan suratlarga qarab, soatlab o‘yga tolaman. Xayolimda qad rostlagan zotlar mening ajdodlarim - mening bobolarim, momolarim! Tomirimizda ularning qoni oqayotganidan faxr tuyg‘ulari vujudimga halovat bag‘ishlaydi.
Hissiyotlarimni kechqurun bolalarimga aytib beraman, xalqimizda har bir kishi yetti ajdodini bilishi lozimligini, kishida badiiy adabiyotga, san’atga bo‘lgan ishtiyoq aslida ilohiy ne’mat ekanligini uqtiraman.
Odatda biz bolalarimizni hali yosh bola degan tasavvur bilan balog‘at yoshiga yetgunlariga qadar avaylaymiz. Yana ham aniqroq ifoda qiladigan bo‘lsak, ular biror yumushni uddalay olmasa ham yoki biron bir xato qilsa ham bola-da”, deb o‘zimizni ovutamiz. Eng yomoni, bolalarimizning o‘zlari ham bunga ko‘nikib qoladilar.
Bizning xalqimizdek bolajon va serfarzand xalq bo‘lmasa kerak. Boz ustiga, biz farzandlarimizni urf-odatlarimiz, qadriyatlarimizni hurmat qilishga, san’at va adabiyotni sevishga o‘rgatadigan xalqmiz. Barcha ma’naviy merosimiz ham bolalarga mehr ko‘rsatishni targ‘ib qiladi. Ammo bolani ortiqcha erkalatib, uni taltaytirib yuboramiz va oxir-oqibat kelajakda o‘z o‘rnini topolmasdan, qiynalib qolishiga sababchi bo‘lamiz. Ajdodlarimiz insonga bolaligidanoq har bir ishni xayrli niyat bilan qilishni, har qanday yumushning oxirini o‘ylashni, uning ajru-savobini ham, mas’uliyatini ham hisobga olishni o‘rgatadi.
Ta’kidlash o‘rinliki, bugun mamlakatimizda ta’limga, yoshlar tarbiyasiga qaratilayotgan e’tibor davlatimizning bosh maqsadlaridan biri bo‘lib turibdi. “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi, 30 iyun “Yoshlar kuni” deb e’lon qilinishi va bu borada keng ko‘lamdagi amaliy ishlar qilinayotganligi fikrimiz tasdig‘idir. Maktabgacha ta’limdan boshlab, ta’limning barcha bosqichlarida qilinayotgan ishlar, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun yetarli sharoit yaratilishi, ularning bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatining qo‘llab-quvvatlanayotgani va boshqa imtiyozlar allaqachon o‘zining samarasini bermoqda. Va bu ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Haqiqatda ijod namunalaridan biri bo‘lgan rasmlar ham milliy ma’naviyatimiz ko‘zgusi. Ularda tarixiy haqiqat va badiiy haqiqat uyg‘unlashadi. Musavvir hayotni teran kuzatadi, boshqalar ko‘zi ilg‘amagan jihatlarni ko‘ra oladi, o‘z tafakkuri prizmasidan o‘tkazgan hayotiy haqiqatlarni boricha qog‘ozga muhrlaydi. Shu bois suratlar ma’nosini tushungan kishi hayajonga tushadi, hayratlanadi, umr atalmish ilohiy ne’matning har daqiqasi qadrli ekanligini anglaydi.
Bugun e’tiboringizni ruhiyatimga ta’sir qilgan bir rasmga, aniqrog‘i, olis bir qishloqning chekka uyida yashab, oddiygina maktabda ta’lim olib kelayotgan musavvir, zukko, iqtidorli o‘quvchimizning ijod mahsuliga qaratmoqchiman.
Yoshligidan musavvirlikka mehr bilan ulg‘aygan Dilnura Suvonova dastlab oddiy daftarga tabiatning o‘zini maftun qilgan lahzalarini chizishga urindi. Oylar davomida qilingan mashqlar tufayli tasvirlar ma’no kasb eta boshladi. Ustozi Muzaffar Begmatov bergan tavsiyalar, yo‘l-yo‘riqlar tufayli u chizgan rasmlarda ranglar tilga kira boshladi. Atrofdagilar uning musavvirlik olamida o‘z o‘rnini topishga intilayotganini e’tirof eta boshladilar. Menda ham uning chizgan suratlariga qiziqish uyg‘ondi va yaqindan tanishishni niyat qildim.
Dastlab u chizgan rasmni ko‘rganimdanoq ko‘nglimning qat-qatida bir og‘riq uyg‘ondi, tasvirlab bo‘lmas tuyg‘udan ruhiyatim bir qalqib tushdi, beixtiyor ko‘zimga yosh keldi va muallifning ota-onasiga va albatta, mohir ustoziga tasannolar aytdim. Chunki shu bitta qog‘ozdagi oddiy rasmga qarab, hayot deb atalmish bu ulkan borliqda kishining o‘z yo‘lini qanday belgilab olishi, bunda ota-onaning farzandlari oldidagi burchi va mas’uliyatlarining nechog‘li ahamiyatli ekanligini yaqqol ko‘rish, his etish mumkin.
Orqa fondagi tasvirda yaxshilik va yomonlik, ta’bir joiz bo‘lsa, jannat va do‘zax yonma-yon ifodalangan, deb talqin qilishga moyillik sezdim o‘zimda. Bir daraxt ikki shoxlarining holati, undagi ezgulik va yaxshilik timsoli bo‘lgan kabutar va yovuzlik timsoli bo‘lgan, yirtqich qush – qarchig‘ayning tasvirlanganligi, hatto bobo quyosh qiyofasining ko‘rinishi juda katta boy falsafiy ma’nolarga ishora qilayotganday. Ota-onalarning o‘z ayshu-ishratlarini o‘ylab, yengil-yelpi hayot kechirishlarining salbiy oqibatlari, majruh farzandlar va aksincha, ilmli, taqvoli, ma’rifatli oila farzandlarining baxtli chehralaridan ko‘p narsalarni uqish, tafakkur qilish imkoniyati mujassam.
Muxtasar qilib aytadigan bo‘lsak, shu iqtidorli o‘quvchimizning mahorati, ustozining mehnati, ota-onasining duolari samarasi bo‘lgan hamda Yaponiyada bo‘lib o‘tgan xalqaro tanlovda g‘oliblikni qo‘lga kiritib, yuksak e’tirofga sazovor bo‘lgan ushbu rasmga qarab soatlab gapirish, misollar keltirish, namuna qilib ko‘rsatish mumkin. Men ta’lim muassasalari, tashkilotlar rahbarlariga ushbu rasmni o‘quvchilarga, xodimlarga, oilamiz a’zolari va yaqinlarimizga va umuman, ko‘pchilikka ko‘rsatishlarini, muassasalar devorlariga osib qo‘yishlarini, rasmga qarab turli insholar, esse va hikoyalar yozish bo‘yicha o‘ziga xos turli tanlovlar o‘tkazishni tavsiya qilardim. Muallif va uning ustozi bilan uchrashuvlar o‘tkazish yaxshi samara beradi, deb o‘ylayman. Zero, bunday iqtidorlar har qadamimizda, har-birimizning uyimizda, yonimizda bor, faqat biz ularni vaqtida ko‘ra bilsak, topsak va qo‘llab-quvvatlasak, bas.
Biz farzandlarimizni bolaliklaridan, avvalo, odobli, yaxshi-yomonning, halol va haromning farqiga boradigan qilib tarbiyalasak, aqlini taniganlaridan boshlab, ularga tozalik, tartib-intizom qoidalarini o‘rgatib borsak, imu-ma’rifat bersak, milliy-ma’naviy qadriyatlarimizni ularning ongu shuuriga singdirsak, ular har tomonlama yetuk, yuksak ma’naviyatli, barkamol avlod bo‘lib ulg‘ayishadi. Shundagina ular ona Vataniga, millatimizga, xalqimizga, ota-onasiga sadoqat bilan xizmat qiladi. Shundagina biz haqiqatda buyuk bo‘lamiz, zero, buning uchun hamma imkoniyat va sharoitlar yetarli.
Qayum SOBIROV,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.