Suv ta’minoti va kanalizatsiya ob’yektlarini boshqarishda xususiy sektor ham jalb qilinadi

Qarorda ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya sohasida belgilangan tadbirlarni amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan qator hal etilmagan muammolar hamon mavjudligi e’tiborga olingan holda sohani rivojlantirishning ustuvor vazifalari belgilab berilgan.

 Jumladan,

suv ta’minoti va kanalizatsiya korxonalarini, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida boshqarish hamda ulardan foydalanish sohasida ilg‘or xorijiy tajribani bosqichma-bosqich joriy qilish;

suv ta’minoti va kanalizatsiya sohasida hisobga olish hamda monitoring qilishni ta’minlaydigan zamonaviy axborot va resurs tejovchi texnologiyalarni joriy etish, respublikadagi barcha iste’molchilarni ichimlik suvini hisobga oluvchi zamonaviy asboblar bilan jihozlash;

turarjoy komplekslarini qurishda sanitariya talablarini, shu jumladan, mahalliy tozalash inshootlarini qo‘llash orqali ta’minlash maqsadida kanalizatsiya ob’yektlarini ichimlik suvi ta’minoti ob’yektlari bilan birgalikda loyihalashtirish, qurish hamda rekonstruksiya qilish;

ichimlik suvi ishlab chiqarish va sotish xarajatlarini o‘zi to‘liq qoplashini ta’minlaydigan, suv ta’minoti hamda kanalizatsiya ob’yektlarini bosh­qarish va ulardan foydalanishga xususiy sektorni jalb qilish imkonini beradigan yangi tarif siyosatini ishlab chiqish orqali suv ta’minoti va kanalizatsiya korxonalarining moliyaviy barqarorligini mustahkamlash belgilab berilgan.

Qarorda sohaga xususiy sektorni jalb etish bilan birga, tarmoqning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish bo‘yicha vazifalar ham ko‘rsatib o‘tilgan, – deydi viloyat "Suvoqova" ishlab chiqarish davlat korxonasi boshlig‘i Komil Yusupov. – Xususan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri, avvalo, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va innovatsion yechimlar, shuningdek, ichimlik suvini hisoblashning zamonaviy asboblarini joriy etish kabi topshiriqlar sohani moliyaviy jihatdan oyoqqa turg‘azishda muhim ahamiyatga ega. Bu esa o‘z-o‘zidan ta’minot va xizmat ko‘rsatish sifati oshishiga olib keladi.