Suv xo‘jaliklarining aniq maqsadi, yo‘nalishi, sohaga oid dasturlar ishlab chiqish uchun asos bo‘ladigan hujjatga zarurat mavjud edi
So‘nggi yillarda mamlakatimizda suv resurslaridan samarali foydalanish, ularni boshqarish tizimini takomillashtirish, suv xo‘jaligi ob’yektlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Biroq suv xo‘jaligini rivojlantirishning aniq maqsadlari, yo‘nalishlari, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolini belgilaydigan, sohaga oid dasturlar ishlab chiqish uchun asos bo‘ladigan strategik hujjat – Konsepsiya mavjud emas edi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 10 iyulda imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020–2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni bilan ana shu masalaga yechim topildi. Konsepsiya Osiyo Taraqqiyot banki, Shveysariya hamkorlik va taraqqiyot agentligi kabi xalqaro tashkilotlar ekspertlari ishtirokida ishlab chiqilgan. Shu bilan birga, Konsepsiyani 2020–2022 yillarda amalga oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilovchi “Yo‘l xarita”si ham tasdiqlandi.
Aslida bunga zarurat bor edi…
Hozirda respublikamiz qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan 1 gektar ekin maydoniga manbalardan o‘rtacha 10,7 ming metr kub suv sarflanadi. Rivojlangan mamlakatlarda bu ko‘rsatkich 6,5–7 ming metr kubni tashkil etadi.
So‘nggi yillarda 298 ming gektar sug‘oriladigan yerlar foydalanishdan chiqib ketgan, 560 ming gektarida esa suv ta’minoti darajasi past, sug‘oriladigan yerlarning 46 foizi turli darajada sho‘rlangan.
Uzoq yillar foydalanilishi natijasida irrigatsiya kanallarining 60 foizi, lotoklarning 70 foizi eskirgan. Ularni ta’mirlash, rekonstruksiya qilish, ba’zilarini almashtirish zarur.
Suv xo‘jaligi uchun Davlat byudjetidan ajratiladigan jami mablag‘larning 70 foizi elektr energiyasi uchun sarflanadi. Atigi 3 foizigina ta’mirlash-tiklash ishlariga yo‘naltiriladi.
Sohada 32,6 ming nafar xodim ishlaydi, ularning o‘rtacha ish haqi 1,5 million so‘m, mamlakat bo‘yicha o‘rtacha ish haqi (2,3 million so‘m)ga nisbatan 65 foizni tashkil etadi. Har yili 3–4 ming xodim ishga kirib bo‘shab ketadi.
Keyingi 10–15 yil ichida aholi jon boshiga suv ta’minoti deyarli 2 barobar qisqaradi, lekin suvga bo‘lgan talab 20 foizga oshadi. Sanoat va energetika sohalarining suv iste’moli 84 foizga o‘sadi.
Shularni hisobga olganda, davlatimiz rahbarining ushbu Farmoni o‘z vaqtida qabul qilingan, nihoyatda dolzarb va muhim hujjat bo‘ldi, desak mubolag‘a emas.
Suv hisobini yuritish takomillashtiriladi
Ochig‘ini aytish kerak, respublikamizda yer osti, yer usti va oqava suvlar hisobini yuritish yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan. Buning sababi, suv resurslari ustidan nazoratni Suv xo‘jaligi va Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirliklari, O‘zgidromet, Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi amalga oshiradi. Har bir vazirlik va idorada hisobot shakllari har xil yuritiladi. Shundan kelib chiqib, suv xo‘jaligi sohasida prognozlashtirish, boshqarish, nazorat qilish va mavjud suv resurslarining hisobini yuritish tizimlari ham turlicha.
Mazkur yo‘nalishda konsepsiya asosida 2020–2021 yillarda suv hisobini yuritish standartlashtiriladi hamda davlat suv kadastrini yuritish tizimi avtomatlashtiriladi. 2022 yilda suv resurslari hisobini yuritish va boshqarishning yaxlit tizimi yaratiladi.
Muxtasar qilib aytganda, mazkur Farmon sohani yanada takomillashtirishda mustahkam asos bo‘ladi.
Risqul SIDDIQOV,
Oliy Majlis Senati Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari.