Suvni isrof qilgan fermerdan yer olib qo‘yiladi(mi?)
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Kattaqo‘rg‘on tumani bo‘limi tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, yer va suvdan samarali foydalanish bo‘yicha monitoring-tahlillar o‘tkazilmoqda.
Tadbirlarda qishloq xo‘jaligi korxonalari xodimlari, fermerlar tomonidan amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etilishi tahlil qilinib, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni tezkorlik bilan bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda. Ammo olib borilayotgan huquqiy targ‘ibot tadbirlariga qaramasdan, yer va suv resurslaridan foydalanishda qonunbuzilish holatlari hamon uchramoqda.
Xususan, tumandagi “Fayzikent fayzli dalasi”, “Murodullo Erdonov”, “G‘aniyev Abdumannon”, “Melixo‘ja unumdor dalasi” singari o‘nlab fermer xo‘jaliklari tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda suvni isrof qilish holatlari aniqlandi. Qonunbuzilish holatlarini sodir etgan fermer xo‘jaliklari rahbarlariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning tegishli moddalariga asosan ma’muriy javobgarlik chorasi qo‘llanildi.
Shuningdek, tumandagi “Sulton Bilol agro” hamda “Osmonsoy barakali dalalari” fermer xo‘jaliklari tomonidan tuman hokimi qarori bilan maqsadli foydalanish belgilangan yer resurslaridan maqsadsiz va samarasiz foydalanib kelinganligi aniqlandi.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan ushbu fermer xo‘jaliklariga ajratilgan yer maydonlarini tuman zaxirasiga olishi yuzasidan tuman hokimiga tegishli tartibda taqdimnoma kiritildi.
Nurali NOMOZOV,
inspeksiyaning Kattaqo‘rg‘on tuman bo‘limi boshlig‘i.