Tadbirkor va fermerlar soliq tizimidagi yangiliklardan xabardormi?
2020 yil 1 yanvardan yagona yer solig‘i bekor qilindi, shu bilan birga qishloq xo‘jaligi mahsuloti ishlab chiqaruvchilari umumbelgilangan soliqlar va aylanmadan soliq to‘lashga o‘tkazildi. Aylanmadan olinadigan soliq agar yillik aylanmasi 1 milliard so‘mdan kam bo‘lsa soliq stavkasi 4 foiz. Aylanmadan olinadigan soliq sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlari maydoni 50 gektar va undan ko‘p bo‘lgan qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilariga tatbiq qilinmaydi.
Soliq kodeksining yangi tahriridagi shu kabi o‘zgarishlarni soliq to‘lovchilarga yetkazish maqsadida Samarqand tumanida tadbir o‘tkazildi.
Ko‘rgazmali seminar shaklida tashkil etilgan tadbirda viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Shodiyor Ahmedov va mutaxassislar soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlar haqida batafsil tushuncha berdi.
Shuningdek, viloyat davlat soliq xizmati organlari xodimlaridan iborat targ‘ibot guruhi bevosita tadbirkorlik sub’yektlarida bo‘lib, qonunchilikdagi yangiliklarni korxona rahbarlari va hisobchilariga tushuntirdi. Jumladan, tumandagi “Samarqand plast polimer” MChJda bo‘lgan ishchi guruh a’zolari tadbirkor va ishchilarga yangi tahrirdagi Soliq Kodeksidagi asosiy o‘zgarishlar to‘g‘risida ma’lumot berish bilan birga ularning takliflarini ham o‘rgandi.
Tumanda faoliyat yuritayotgan “Navobod naslli parranda” fermer xo‘jaligi asosan parrandachilik va parrandalar uchun omuxta yem yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Fermer xo‘jaligi boshlig‘i Haydar O‘roqov xo‘jalik faoliyatini ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligiga aylantirish maqsadida katta maydonda zamonaviy texnologiya asosida uzumzor tashkil qilayotgani, kelgusida qayta ishlash shoxobchasi tashkil etmoqchiligini bildirib, bu boradagi soliq yengilliklari haqida so‘radi. Fermerga zarur tushunchalar berildi.
Samarqand viloyat davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati.