Tadbirkor yoshlar muammosiz kredit olyapti, deb bo‘lmaydi

2021 yilda viloyatdagi tijorat banklari tomonidan 4 693 mijozga 118 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratilgan. Shundan 2 314 mijozga ajratilgan 53 milliard so‘m kredit yoki jami imtiyozli kreditlarning 44 foizi yoshlar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Birgina “Har bir oila tadbirkor” dasturi asosida yoshlarga 50 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratilgan.

Bu Samarqand viloyat Matbuot uyida Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Suvonqulov ishtirokida “Yoshlar bilan bog‘liq tadbirkorlik loyihalariga ajratilayotgan bank kreditlari” mavzusida o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytildi.

- Albatta, kreditlash ishlari moliyalashtiruvchi banklarimizda bir tekisda ketyapti, hammasi joyida, degan gapni aytishdan mutlaqo yiroqman, - dedi Sh.Suvonqulov. - Birgina murojaatlar, ya’ni Prezident qabulxonasi, viloyat hokimiga, shuningdek, sayyor qabullar va uchrashuvlarda bildirilgan murojaatlar natijasida ajratilgan kreditlar haqidagi ma’lumotlar ham buni yaqqol ko‘rsatib turadi.

Masalan, joriy yilning shu o‘tgan 3 oyida barcha yo‘nalishlar, ya’ni murojaat vositalari orqali kelib tushgan 102 murojaatning nazoratga olinishi natijasida 2 milliard 585 million so‘m kreditlar ajratib berilgan. Shundan 56 holatda ajratilgan 1 milliard 80 million so‘m kredit yoshlar hisobiga to‘g‘ri keladi.

Anjumanda tadbirkorlikni boshlayotgan yoki o‘z faoliyatini kengaytirishni istayotgan yoshlarga kredit ajratilishidagi muammolarga javob izlandi.