Talabalar turar joylari ko‘payib, ularda zamonaviy sharoitlar yaratilmoqda
Oliy ta’lim muassasalarida yildan yilga kvotalar sonining oshishi talabalar turar joyiga bo‘lgan talabning ham ortishiga sabab bo‘ldi. Keyingi yillarda davlat-xususiy sheriklik asosida tadbirkorlar tomonidan talabalar turar joylari qurib berilyapti, eskilari ta’mirlanib, zamonaviy shart-sharoitlar yaratilyapti.
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida tahsil olayotgan talabalarga bu borada qanday qulayliklar yaratilgan? Talabalarning turar joyga ehtiyoji necha foiz qondirilgan? Talabalar bo‘sh vaqtini qanday o‘tkazyapti? Ushbu savollarga javob topish maqsadida universitet hayoti bilan tanishdik.
- 2000 yillarning boshida yotoqxonalar soni atigi ikkita edi, - dedi universitet rektori, professor Xudoynazar Yunusov. – Birida 286 o‘rin, ikkinchisida 300 atrofida joyimiz bo‘lib, bor-yo‘g‘i 600 nafar talabani yotoqxona bilan ta’minlash imkoniyatimiz bor edi. Oxirgi olti yil ichida olib borilgan ishlarimiz va hukumatimiz tomonidan qilingan yordamlar evaziga bitta yotoqxonamiz 450 o‘ringa moslashtirildi. Shuningdek, 2-son talabalar turar joyi kapital ta’mirlandi va talabalarning yashashi uchun barcha imkoniyatlar yaratib berildi. Masalan, har qavatda oshxona, kir yuvish xonalari, ma’rifat xonasi, ota-onalarga ham alohida xona tayyorlab qo‘ydik. Mabodo, ota-ona farzandini ko‘rgani olisdan kelib, qaytishga ulgurmasa, yotoqxonada qolishi mumkin.
Bundan tashqari, universitetning kirish qismida 350 o‘rinli yotoqxona ishga tushdi. Bu yil yana ikkita yotoqxonamiz foydalanishga topshirilish arafasida turibdi. Ular ham ishga tushsa, talabalar turar joyi 1300 o‘rin atrofida bo‘ladi. Shuningdek, keyingi yillarda davlat-xususiy sheriklik asosida ham talabalar yotoqxonalari qurilyapti. Hukumat qaroriga muvofiq, universitetimizga to‘rtta talabalar turar joyi qurilishi belgilangan edi. Shundan ikkitasi topshirilish arafasida. Qolgan ikkitasi ham nasib bo‘lsa yaqin yillar ichida quriladi va talabalar turar joyiga bo‘lgan ehtiyoj 40-50 foizga qoplanadi.
Oxirgi yillarda universitetimizga xorijiy talabalar ham kela boshladi. Turkiya, Isroil, Rossiya kabi davlatlardan talabalar kelib o‘qishyapti. Ularni ham yotoqxonalar bilan ta’minlash maqsadida biz yangi qurilayotgan yotoqxonalarda faqatgina bir xil uslubda emas, balki uch xil kategoriyada sharoit yaratishni reja qildik. Bu – oddiy yotoqxonalar, ya’ni to‘lovi kam, o‘rta yotoqxonalar – sharoiti va to‘lovi biroz baland va yuqori sifatli yotoqxonalar – to‘lovi qimmat bo‘ladi. Xorijiy oliy ta’lim muassasalarida yotoqxonalar mana shu tartibda qurilgan bo‘lib, talabalar cho‘ntagi ko‘targanida istiqomat qiladi.
Shuningdek, joriy yilda 24 nafar xorijlik professor-o‘qituvchilar universitetimizda faoliyat yuritdi. Yangi qurilayotgan yotoqxonalarimizda ularga ham qulay shart-sharoitlarga ega joylar bilan ta’minlashni rejalashtiryapmiz.
***
Bugun talabalar turar joylarida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun pazandalik, tikuvchilik, rassomlik, milliy kurash kabi to‘garaklar mavjud. Tikuvchilik to‘garagi rahbari Zulayho Shodiyeva tikish-bichishga qiziqadigan talaba-qizlarga tikish sirlarini o‘rgatib kelmoqda.
- Tikuvchilik to‘garagimiz doim ochiq, talabalar bo‘sh vaqtlarida kelib, ustozimizdan tikish-bichishni o‘rganadi, - dedi universitetning biotexnologiyalar fakulteti 2-bosqich talabasi Madina Qurbonboyeva. – To‘garakda qizlar universitetga zarur bo‘lgan parda va boshqa narsalarni, shuningdek, turli kiyim-kechaklarni tikadi. Bundan tashqari, universitetda kashtachilik, to‘quvchilik kabi to‘garaklar ham mavjud.
To‘garakda kimdir tikish, kimdir to‘qish yoki kashta tikish bilan band. Talaba-qizlar bo‘sh vaqtini o‘zlari sevgan hunar bilan mazmunli o‘tkazmoqda.
Biz qizlar yotoqxonasidagi pazandalik to‘garagida ham bo‘ldik. Talabalar turar joyida istiqomat qiluvchi qizlar birgalikda xamirli taom tayyorlashayotgan ekan.
- Bo‘sh vaqtimizda turli xil milliy taomlar tayyorlaymiz, - dedi universitetning iqtisodiyot fakulteti talabasi Gulandon Eshimova. – Shuningdek, boshqa viloyatlarning sevimli taomlarini ham tayyorlashga harakat qilamiz. Bugun Xorazmning milliy taomi bo‘lgan tuxum-barakni tayyorlayapmiz. Bu taomni qanday pishirishni xorazmlik dugonalarimiz o‘rgatishyapti.
Universitetda besh muhim tashabbus doirasida yigirmadan ortiq to‘garak mavjud bo‘lib, ular talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga yo‘naltirilgan. Shuningdek, oliy ta’lim dargohida sport klubi faoliyat yuritmoqda. Sport klubida turli trenajyor uskunalari, kurash gilami va boshqa sport anjomlari mavjud bo‘lib, o‘g‘il bolalar darsdan so‘ng milliy kurash, voleybol, basketbol, futbol kabi sport o‘yinlari bilan shug‘ullanadi.
Bundan tashqari, talabalarni bilim olishga yanada qiziqtirish, ulardagi qobiliyatni ro‘yobga chiqarish maqsadida “Zakovat” klubi o‘z faoliyatini olib bormoqda. “Zakovat” klubi haftaning dushanba, chorshanba kunlari fakultet va kurslar o‘rtasida intellektual o‘yinlar tashkil etadi. Bunday musobaqalarda rektor kubogi, dekan kubogi uchun talabalar o‘zaro kuch sinashadi. Musobaqa g‘oliblari universitet tomonidan diplom va sovg‘alar bilan rag‘batlantirib kelinmoqda. Oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi “Zakovat” intellektual o‘yinlarida ham universitet talabalari faol ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni olib kelmoqda.
Xurshida ERNAZAROVA.
Baxtiyor MUSTANOV (foto).