Talabalar uchun turar joy muammo bo‘lmaydi
Yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida bu jarayonga puxta hozirlik ko‘rildi va talabalarni turar joy bilan ta’minlash masalasiga jiddiy e’tibor qaratildi.
Jumladan, institutda talabalar va ularning ota-onalarini kutib oladigan, ularga zarur ko‘rsatma va ma’lumotlar beradigan mas’ullar belgilandi.
Ijara xonadonlari bo‘yicha ma’lumotlar markazlarining ertalab soat 08:00 dan kech soat 20:00 gacha ishlashi tashkil etilgan va har bir fakultetning dekan o‘rinbosari hamda 10 nafar tajribali volontyorlar faoliyat ko‘rsatmoqda.
Ijara xonadonlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar elektron shaklda infokioskalarda aks etib turishini, murojaat qilgan talabani tezda ijara xonadoniga joylashtirish choralari ko‘rilmoqda.
Shuningdek, 1-kurslar soniga qarab oldindan ijara xonadonlari tayyorlab qo‘yildi. Talabalarga institut rasmiy veb-sayti, telegram kanallari orqali ijara uylari haqidagi ma’lumotlarni (manzili, xonadon egasining ismi, sharifi, telefoni, ijara uyning narxi ko‘rsatilgan holda) e’lon qilib, 1-kurs talabalari uchun ijara to‘lovining bir qismi sentyabr va oktyabr oylarida ijara shartnomasini talab qilmasdan to‘lab berilishi kabi imtiyozlar berilgani tushuntirilmoqda.
Institutning fuqaro va mehnat muhofazasi bo‘limi, favqulodda vaziyatlar bo‘yicha mutaxassislari bilan hamkorlikda ijara xonadonlariga birma-bir borib, yong‘in xavfsizligi va ijara xonadonlarining kuz-qish mavsumiga tayyorligi nazoratdan o‘tkazilmoqda va ijara xonadonlari ro‘yxati yana bir karra tekshirilgandan keyin talabalarga taqdim etilmoqda.
Rahimjon Norjigitov.