Taniqli dramaturg Sharof Boshbekov vafot etdi
O‘zbek adabiyoti, dramaturgiyasi og‘ir judolikka uchradi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Mehnat shuhrati”ordeni sohibi, taniqli dramaturg Sharof Boshbekov bugun, 26 yanvar kuni olamdan o‘tdi.
Sharof Boshbekov 1951 yil 4 yanvarda Bulung‘ur tumani G‘ubir qishlog‘ida tug‘ilgan. 1974 yili Toshkent teatr va rassomchilik san’ati institutini tamomlagan.
Dastlab Muqimiy nomidagi davlat musiqali teatri, Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrida faoliyat ko‘rsatgan. Shundan so‘ng O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Milliy davlat akademik drama teatrida adabiy xodim bo‘lib xizmat qilgan.
Sharof Boshbekov yozuvchilik ijodini 1980 yilda “Taqdir eshigi” nomli komediya bilan boshlagan. Shundan so‘ng adibning birin-ketin yozilgan “G” varianti”, “G‘urur”, “Jumboq” hikoyalari, “Tikansiz tipratikanlar”, “Musiqa sayyorasi”, “Tentak farishtalar”, “Tushov uzgan tulporlar” dramasi, “Eshik qoqqan kim?”, “Eski shahar gavroshlari”, “Temir xotin” kabi jiddiy komediyalari o‘zbek dramaturgiyasi xazinasini boyitdi.
“Temir xotin” komediyasi nafaqat respublikamiz, balki boshqa mamlakatlar teatrlarida ham sahnaga qo‘yildi. Mazkur asar avval Respublika miqiyosida o‘tkazilgan teatr festivalida bosh sovrin – “Gran-pri”ni qo‘lga kiritdi, so‘ngra Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida o‘tkazilgan teatr festivalining mutloq g‘olibi, deb topildi.
Sharof Boshbekov ssenariysi asosida “Ma’ruf va Sharif”, “Yuzsiz”, “Tilla bola” kabi filmlar yaratildi. U “Masxaraboz”, “Farhod va Shirin” filmlarida ham ssenariy muallifi, ham rejissyor sifatida ishtirok etdi. Uning ssenariysi asosida “Charxpalak” teleseriali suratga olingan.
“Eshik qoqqan kim bo‘ldi?”, “Falakning gardishi”, “Musofir bo‘lmaguncha”, “Tentak farishta”, “Charxpalak”, “Tanlangan asarlar” kabi to‘plamlari nashr etilgan.
Adib drama va kinoqissalardan iborat “Tanlangan asarlar” kitobi uchun 2021 yili O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Yilning eng yaxshi asari” tanlovi g‘olibi bo‘ldi.
Sharof Boshbekov 1996 yili “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni, 2001 yili “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.
"Zarafshon" va "Samarkandskiy vestnik" gazetalari birlashgan tahririyati va Zarnews.uz sayti jamoasi adibning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.