Taqiqlangan materiallarni Facebook’ga joylab kelgan ayol qamoqqa olindi
Oliy sud axborot xizmati Facebook’dagi sahifasida O‘zbekistonda taqiqlangan shaxslarning materiallarini tarqatib kelgan 26 yoshli M.Mansurova bo‘yicha ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, u o‘z sahifasida Sodiq Samarqandiy, Abdulloh Zufar va Abduvali Mirzayevlarning aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan diniy materiallarini tarqatib kelgan. U JPKning 227-moddasi tartibida 10 sentyabr kuni soat 19:15 da ushlangan.
Yunusobod tumani prokurori tomonidan Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilingan M.Mansurovaga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqidagi iltimosnoma jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudiga kiritilgan.
11 sentyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudi tomonidan tuman prokurorining “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqidagi iltimosnomasi rad etilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudining 11 sentyabrdagi ajrimiga nisbatan tuman prokurori tomonidan apellyasiya protesti keltirilgan. Ushbu protest belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, qanoatlantirilgan.
Sudlov hay’ati apellyasiya instansiyasi tomonidan M.Mansurova ochiqda qolgan taqdirda jinoyatga aloqador dalillarni yo‘q qilishi, guvohlarni ko‘ndirishi va boshqa qonunga xilof harakatlar bilan dastlabki tergov jarayoniga to‘sqinlik qilishi, ish bo‘yicha haqiqatni aniqlashga halal beradigan urinishlarni amalga oshirishi va qayta yangi jinoyatlar sodir etishi mumkinligi inobatga olingan. Shu munosabat bilan M.Mansurovaga nisbatan “qamoqqa olish” tariqasidagi ehtiyot chorasini qo‘llash lozim, degan xulosaga kelingan.
M.Mansurovani IIV JIEBB qarashli 1-sonli tergov hibsxonasiga joylashtirish belgilangan.