Uni "Usta Ulug‘oy", deyishadi

Ayrim erkaklar bor - tog‘ni ursa talqon qilgudek kuchga ega, ammo u idoradan bu idoraga, u sayyor qabuldan bu sayyor qabulga borib, moddiy yordam so‘rab yuradi. Shunday ayollar borki, yolg‘iz o‘zi farzandlari uchun ham onalik, ham otalik qilib, tinim bilmay mehnat qiladi. Kimdandir yordam so‘rashni or biladi. Bugun ana shunday ayollardan biri haqida hikoya qilamiz.

“Bir o‘zimga qirq hunar oz”

Bulung‘ur tumani Yangiariq mahallasida yashovchi Ulug‘oy Doniyorova ayol bo‘lishiga qaramasdan, ko‘pgina erkak kishining qo‘lidan kelmaydigan yumushlarni bajara oladi.

- Taqdir bitigi ekan 12 yildirki, bir o‘g‘il va bir qizimni yolg‘iz tarbiyalab kelaman, - deydi u. – Ko‘p qiyinchiliklarni boshdan kechirdim. Baxtimga onam yonimda, doim dalda bo‘ladi. Maqsadim - kimningdir qo‘liga qarab qolmaslik, halol mehnat bilan farzandlarimni voyaga yetkazish edi. Ularning otasidan hatto aliment puli ham talab qilmaslikka qaror qildim. Qishloqda hamshira bo‘lib ishladim. Oyligim ro‘zg‘or tebratishga yetmasdi. Yoshligimda yigitlar uchun aytilgan maqolni moslashtirib, “Bir o‘zimga qirq hunar oz”, deya hunar o‘rganishni kanda qilmadim. Oshpazlik, tikuvchilik, sartaroshlik, qolaversa, dehqonchilik qilish, belo‘roq bilan ishlash, ketmon chopish kabi og‘ir ishlar qo‘limdan kelardi.  Ammo bu bilan ham qishloqda yaxshi daromad qilish imkoni bo‘lmadi. Xorijga borib ishlashga to‘g‘ri keldi. Har qanday gap-so‘zlarga va qiyinchiliklarga bardosh berish, farzandlarimni halol mehnatim orqasidan voyaga yetkazishni oldimga maqsad qildim.

Musofirlik Ulug‘oyni charxladi

U usta ukalari bilan birga qurilishda ishladi. Devorlarni pardozlashda yigitlarga yordamchi bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay o‘zi usta bo‘ldi va farzandlar sog‘inchi uni qishlog‘iga qaytardi.

- Dastlab, ishni qishlog‘imizdagi qarindoshlarimning uylarini ta’mirlashdan boshladim, - deydi Ulug‘oy. – Sababi, begonalar menga ishonmasdi. Keyinchalik qo‘ni-qo‘shnilar bajargan ishlarimni ko‘rib, buyurtma bera boshladi. Shunday qilib, boshqa qishloqlardan taklif tushdi. Qisqa fursatda mahallada “usta opa” degan nomga ega bo‘ldim. Hozirda Bulung‘urning ko‘pgina mahallalariga, hatto qo‘shni tumanlarga ham ishga taklif qilib turishadi.

Yolg‘iz ishlash ilhom bag‘ishlaydi

Ulug‘oy qurilgan imoratning g‘ishti ko‘rinib turgan devorlarini suvashdan to pardozlash, rang berish, kafel va gulqog‘ozlar yopishtirishgacha bo‘lgan ishlarni maromida bajaradi. Hatto u xonalarga elektr tarmoqlarini tortish, ya’ni montyorlik ishlarini ham qila oladi. Ahamiyatlisi, u aksariyat hollarda yolg‘iz ishlaydi.

- O‘ta og‘ir yumushlar to‘g‘ri kelib qolmasa, yolg‘iz ishlayman, - deydi u. – Bilasiz, avvalo, bu ishda ayol sherikning topilishi qiyin. Yigit kishi bilan birga ishlashning noqulayliklari ko‘p. Shuningdek, ba’zan ish haqini olishda muammolar bo‘ladi. Shunday sheriklarga duch kelganmanki, ish beruvchi ayrim sabablarga ko‘ra, mehnat haqini bir-ikki kunga kechiktirib berishiga to‘g‘ri kelganda, rozi bo‘lmaydi. Shu va boshqa muammolarga duch kelmaslik uchun ham yolg‘iz ishlashni ma’qul ko‘raman. Ta’mirlanayotgan xonada qo‘shiq xirgoyi qilsam, ovozimning aks-sadosi menga ilhom bag‘ishlaydi. Bu ishimni tez va sifatli bo‘lishiga, yangi dizaynlar yaratishimga turtki bo‘ladi.

Halol mehnatdan topilgan pul barakali

Ulug‘oy ikki farzandi bilan 10 yil ota uyida yashashga majbur bo‘ldi. Eng katta orzularidan biri o‘zining boshpanasi bo‘lishi edi. 2020 yilda shu istagi amalga oshib uyli bo‘ldi. O‘zi yashayotgan mahalla markazida bunyod etilgan ko‘p qavatli uydan 3 xonali kvartira, boshlang‘ich to‘lovi hokimlik tomonidan to‘lab berilgan holda, imtiyozli kredit asosida berildi.  

- Qo‘lida hunari bor odam uchun bugun xorijga borib ishlashga hojat qolmadi, - deydi U.Doniyorova. – Men kabi ustalar misolida aytadigan bo‘lsam, mamlakatimizda keng ko‘lamli qurilish ishlari olib borilyapti. Masalan, o‘zim bir oyda ustachilik qilib, 5-6 million so‘m pul topaman. Halol mehnat ortidan kelgan mablag‘ barakali bo‘ladi. Peshona terim bilan topayotgan daromadim imtiyozli kredit asosida olgan uyimning to‘lovlariga, ro‘zg‘or tebratishga bemalol yetyapti.

Ulug‘oy Doniyorova ana shunday matonatli ayol. Mahallasida ismiga monand ulug‘lanib yashayapti. Oramizda uchrab turadigan oson yo‘l bilan pul topishga, kimlardandir moddiy yordam so‘rashni o‘ziga ep ko‘rgan, boqimandalik kayfiyatiga tushib qolgan ayrim ayollar, (hatto erkaklar ham) Ulug‘oydan o‘rnak olsa arziydi.

To‘lqin SIDDIQOV.