AQSh Kongressida Facebook muhokama qilindi
Facebook platformalarida uzoq vaqt uzilish bo‘lganidan bir kun o‘tib, kompaniyaning sobiq xodimi AQSh Kongressida eng yirik ijtimoiy tarmoq faoliyati bo‘yicha o‘tkazilgan maxsus tinglovda ma’lumot berdi.
Avvalroq 37 yoshli Frensis Xaugen 3 yil davomida mahsulot menejeri bo‘lib ishlagan kompaniyaning bir qator ichki hujjatlarini rasmiylar va jurnalistlarga topshirgan edi.
"Men ilgari Facebookda ishlaganman. Facebookka ulanganman, chunki Facebook mavjudligi faqat yaxshilikka xizmat qiladi deb o‘ylagandim. Lekin men hozir shu yerdaman, chunki menimcha, Facebook mahsulotlari bolalar uchun zararli, ular kelishmovchilik keltirib, demokratiyamizni zaiflashtiradi. Kompaniya rahbariyati Facebook va Instagramni xavfsiz qilishni biladi, lekin ular buning uchun zarur o‘zgarishlarni amalga oshirmaydi, chunki ularga astronomik foyda odamlardan ustun", dedi kompaniya xodimi Kongressda.
Mark Sukerberg kompaniyasiga nisbatan tanqid kongressmenlardan ham kelib tushdi. Ular ijtimoiy tarmoq yoshlarga zarar yetkazayotgani va jamiyatga noxush ta’siri haqidagi xabarlarni nazorat organlari tomonidan tekshirilishiga chaqirdi. Senatning tijorat masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Richard Blyumental esa Facebook mahsulotlarini sigaret bilan taqqoslab, moyillik jihatdan bir-biriga o‘xshashligi haqida gapirdi.
"Bolalarimiz qurbonga aylanmoqda. Bugun o‘smir oynaga qarab, shubha va ishonchsizlikni ko‘radi. Lekin aslida, ko‘zguga Mark Sukerberg qarasa bo‘lardi", deydi Blumental.
Dushanba kuni Instagram va Facebook ijtimoiy tarmoqlarining uzilishi xakerlik hujumi bilan bog‘liq emas edi. AQSh kiberxavfsizlik agentligi ma’lum qilishicha, bu konfiguratsiya xatosi, texnologik nosozlik tufayli bo‘lgan. AQSh hukumati boshqa o‘ta muhim infratuzilmaga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan kiberfazodagi vaziyatni kuzatayotganini ta’kidladi.
G.Xoldorova tayyorladi.