AQSh Kongressi a’zolari Samarqandga tashrif buyurdi
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov AQSh parlamenti a’zolari bilan uchrashdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani ta’kidlandi. E.Turdimov Samarqand viloyatining sarmoyaviy va sayyohlik salohiyati haqida batafsil ma’lumot berar ekan, AQShning sanoat, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi va turizm sanoati kabi yetakchi kompaniyalarini hamkorlikka taklif qildi.
Amerika parlamenti a’zolari Samarqanddagi muqaddas qadamjo va tarixiy obidalar bilan tanishdi.
Mehmonlar tarixiy yodgorliklarning milliy me’morchilik an’analari asosida bunyod etilgani, mazkur inshootlarning har biri xalqimizning boy o‘tmish va qadimiy madaniyatga ega ekanidan dalolat berishini qayd etdi.
Delegatsiya a’zolari Xo‘ja Doniyor ziyoratgohi, Amir Temur maqbarasi, Registon maydoni, Bibixonim majmuasi va Mirzo Ulug‘bek rasadxonasini tomosha qildi. Ular o‘zbek xalqining madaniy va tarixiy merosini kelajak avlodlar uchun jahon sivilizatsiyasi xazinasining ajralmas qismi sifatida asrab-avaylash katta ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.