Tayyor mebel mahsulotlarini eksport qiluvchi tadbirkorlar imtiyozga ega bo‘ladi
Prezidentning "Mebel mahsulotlari ishlab chiqarish va eksport qilishni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra:
2023 yil 1 fevraldan 2024 yil 1 yanvarga qadar:
- tayyor mebel mahsulotlarini eksport qiluvchi tadbirkorlik sub’yektlariga xorijdagi ofis, savdo va ombor binolarini ijaraga olish xarajatlarining bir qismini Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan qoplab berishda mazkur noturar joylar maydoniga qo‘yilgan me’yor ko‘rsatkichi 100 kvadrat metrdan 250 kvadrat metrga oshiriladi;
- yillik tushumida tayyor mebel mahsulotlari eksportidan tushum ulushi kamida 30 foizni tashkil qiladigan mahalliy korxonalar tomonidan injener-texnolog, lak va bo‘yoq sepish ustasi, dizayner kabi xorijiy mutaxassislar jalb qilinganda, ular ish haqining 25 foizi, biroq mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 9 barobaridan ko‘p bo‘lmagan qismi Eksportni rag‘batlantirish agentligi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.
Bunda, xorijiy mutaxassislarni jalb qilish xarajatlari eksport hajmi har chorakda 1 million dollardan ortgan korxonalarga chorak yakuni bilan kelgusi oyning 10-sanasigacha taqdim etilgan hujjatlar asosida to‘lanadi.