“Tirik tosh”
Dadaxon Muhammadiyev 1989 yilda Samarqand viloyati Paxtachi tumanida tug‘ilgan. Navoiy davlat pedagogika instituti hamda O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini bitirgan. Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari ishtirokchisi.
Yaqinda yosh, iste’dodli ijodkorning birinchi kitobi - “Tirik tosh” nomi bilan Toshkentdagi “Navro‘z” nashriyotida chop etildi.
She’riyat barachaga ma’lum hodisaning payqalmagan jihatlarini his etish, uni poetik jihatdan misralarga jamlashdir. Dadaxon Muhammadiyev ayni shunday jihatlarini o‘z ijodida aks ettirayotgan yosh ijodkorlardan. Uning ham o‘z dunyosi bor. Jumladan, u “Boshqa dunyo” she’rida shunday deydi:
Osmonni boshimga tashlang mayliga,
Menga zarra ziyon yetmaydi – bildim.
Sizning osmoningiz o‘zingizniki,
Axir, men boshqa bir dunyodan keldim…
She’r ijodkor ko‘nglining eng nozik va inja hissiyotlari, ishq mo‘’jizalaridan dunyoga keladi. Ushbu she’riy to‘plam ham muhabbat va uning quvonchu iztiroblaridan yaralgan “guldasta” bilan boyitilgan. Kitobdan o‘rin olgan she’rlar inson qalbining sehrli va nozik tomonlariga, Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbat, umumbashariy qadriyatlarni ifoda etishga qaratilgan shoirning dastlabki tuyg‘ulari ifodasidir.
Ezgu niyat bilan aytish mumkinki, Dadaxonning ona Vatan, insoniylik, oriyat tuyg‘ularini o‘zida ifoda etgan birinchi kitobidan o‘rin olgan she’rlari o‘quvchini befarq qoldirmaydi.
Sulaymon MARDIYEV.