Tojikiston prezidentligiga ilk nomzod ko‘rsatildi
Tojikiston Agrar partiyasining (APT) navbatdan tashqari qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Unda 2020 yil 11 oktyabr kuni o‘tadigan saylovlarda prezidentlikka birinchi nomzod nomi e’lon qilindi.
Qurultoyda partiya raisi Rustam Latifzoda prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatilgan. U 1960 yil 27 noyabrda Tojikistonning Xatlon viloyatida tug‘ilgan.
Konstitutsiyaga ko‘ra, prezident 7 yil muddatga saylanadi. 30 yoshga to‘lgan, Tojikiston fuqaroligiga ega, oliy ma’lumotli, davlat tilini biladigan va so‘nggi 10 yil davomida mamlakat hududida yashagan fuqaro prezidentlikka nomzod sifatida saylovlarda qatnashishi mumkin.
Bir shaxs ketma-ket ikki muddatdan ortiq prezident bo‘la olmaydi. Ushbu cheklash tinchlik va milliy birlik asoschisi – Millat yetakchisi Emomali Rahmonga taalluqli emas. U mamlakatni 1992 yildan buyon boshqarmoqda.
Prezidentlikka yangi saylovlar 6 avgust kuni Tojikiston Respublikasining Majlisi Oliysining har ikki palatalari qo‘shma majlisining oltinchi chaqirig‘ida belgilangan.