Tojikistonda ham taksilar endi maxsus rangda bo‘ladi
Dushanbe shahar hokimiyati shaharda faoliyat yuritayotgan taksi korxonalarini 15 iyungacha o‘z taksi xizmatini ko‘rsatadigan mashinalarini belgilangan maxsus ranglar bilan qoplashni, aks holda talabni bajarmagan korxonalarga og‘ir jazolar qo‘llanishi haqida ogohlantirmoqda.
"Belgilangan muddatda talablarni bajarmagan taksi xizmati ko‘rsatadigan korxona yoki jismoniy shaxslar o‘z litsenziyasidan mahrum qilinadi", deyiladi Dushanbe shahar hokimiyati saytidagi ogohlantiruv xabarida.
Joriy yil yanvar oyida Dushanbe shahar hokimi Rustami Emomali poytaxt Dushanbe taksilari qanday turda faoliyat ko‘rsatishidan qat’iy nazar yagona rangda yurishi lozimligi haqida qaror e’lon qilgan edi. Qarorda 15 iyungacha poytaxtda faoliyat olib borayotgan taksi korxonalari o‘z mashinalarini yagona dizaynga o‘tkazishlari belgilangandi.
Taksilar uchun dizayn o‘tgan yil noyabrda ochiq tanlov o‘tkazish yo‘li bilan tanlab olingan edi.
Tanlovda g‘olib chiqqan va joriy qilinayotgan dizaynga ko‘ra taksi mashinalarini yangitdan bo‘yash shart emas. Unga yelimli maxsus qoplama bilan qoplasa ham bo‘ladi. Talabga ko‘ra taksi faoliyati bilan shug‘ullanadigan korxonalar o‘z mashinalarini faqatgina tom va yuqori qismini maxsus sariq qoplama bilan qoplasalar yetarli bo‘ladi. Eshiklarga esa o‘zlarining logotiplari va bog‘lanish uchun telefon nomerlarini yozsalar kifoya.