Tolibon ayollar huquqlarini tobora cheklamoqda
Oldinroq Afg‘onistonni nazorat qiluvchi Tolibon harakati ayollarga universitetlarda o‘qishni taqiqlagandi.
Tolibon kuchlari universitetlar yaqinida qurolli patrul o‘rnatib, talaba qizlarning o‘qishga kelishiga to‘sqinlik qilmoqda, deya xabar bermoqda “Associated Press”. Ijtimoiy tarmoqlarda yig‘layotgan talabalar bir-birlari bilan xayrlashayotgani aks etgan videolar paydo bo‘ldi.
Kobul universiteti talabasi Setara Farahmand:
"Tolibon ayollarni butunlay ezishga harakat qilmoqda. Ular ayollarning mamlakat taraqqiyotida ishtirok etishi va erkaklar bilan birga ishlashini istamaydi. Ayollar faqat uyda o‘tirishi, farzand ko‘rishini ma’qullashadi, biz boshqa nimadir qilishimizni xohlamaydi ular".
Bir nechta erkak professorlar norozilik sifatida ishdan bo‘shashdi va ko‘plab yigit talabalar darsdan chiqib ketishdi.
Bundan tashqari, chorshanba kuni Tolibon o‘qituvchilar va boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini maktablarga kiritmaslikni buyurgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Vaholanki, 2021 yil avgust oyida hukumat tepasiga kelgan Tolibon mo‘’tadil yondashishga, ayollar va ozchilik huquqlarini ta’minlashga va’da bergan edi. Biroq keyinchalik ular birin-ketin taqiqlar joriy qila boshladi.
Avvaliga Tolibon ayollarga teleboshlovchi sifatida ishlashni davom ettirishga ruxsat bergan, hatto ular davlat boshqaruvi organlariga kiritilishini istisno qilmagan bo‘lsa-da, 2021 yil sentyabr oyidayoq Xotin-qizlar ishlari vazirligini tugatildi. Shuningdek, qizlar o‘qishi, ayollarga jamoat joylarida sport bilan shug‘ullanishini taqiqlandi. Ortidan ayollarga erkaklar hamrohligisiz sayohat qilish taqiqlandi. Ayollar ko‘plab kasblar bilan shug‘ullanish imkoniyatidan mahrum bo‘lishdi, deyiladi agentlik axborotida
Tahlilchilarning qayd etishicha, Tolibon qarorlari ularni xalqaro miqyosda tan olish imkoniyatini yo‘q qilmoqda.
Qolaversa, BMT ekspertlari Tolibonning Afg‘onistonda ayollar huquqlariga munosabati insoniyatga qarshi jinoyatga tenglashishi mumkinligini aytgan edi.
G.Xoldorova tayyorladi.