"Ayol manfaat evaziga birovga berib yuborilmaydi", "xotinlar o‘rtasida adolat qilinadi...": Tolibon ayollar huquqlari bo‘yicha maxsus farmon chiqardi
Tolibon oliy rahbari Haybatulloh Oxundzoda ayollar huquqlari bo‘yicha maxsus farmon chiqardi, deya ma’lum qildi bugun Tolibon harakati matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid.
Farmon matni harakat nazoratidagi internet resurslarida e’lon qilindi.
Hujjatda ta’kidlanishicha, harakat rahbariyati barcha tegishli mutasaddilar, din ulamolari va qabila oqsoqollariga ayollarning huquqlarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha jiddiy choralar ko‘rishni topshiradi.
Unga ko‘ra, voyaga yetgan ayol roziligi bilan turmush quradi, hech kim ayollarni turmushga chiqishga majburlay olmaydi.
Ayolni hech kim manfaat evaziga biror kishiga bera olmaydi, deyiladi farmonda.
Shuningdek, farmonga binoan ayol o‘z (vafot etgan) eri, farzandlari, otasi va boshqa qarindoshlar mulkidagi merosda belgilangan ulushga ega bo‘lish huquqiga ega.
Hujjatda asosan ko‘pnikohlikka e’tibor qaratilgan. Bir nafardan ziyod xotin olgan erkak barcha ayollariga shariat asosida huquq berishi, ular o‘rtasidagi munosabatda adolatga rioya etishga majbur ekanligi qayd etilgan.
Oliy sud ayollar, ayniqsa, bevalar huquqlari va ularga nisbatan tazyiqlar to‘g‘risidagi arizalarini ko‘rib chiqish va ularni, tahqirlamaslik, kamsitmaslik haqida barcha sudlarga ko‘rsatma berishi zarur.