«Tolibon» Turkiyada bo‘lib o‘tadigan Afg‘oniston bo‘yicha konferensiyada ishtirok etadi
Tolibonlarning radikal harakatiga yaqin bo‘lgan RIA Novosti manbasi Afg‘onistondagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha Turkiyadagi uchrashuv 27 mart kuni bo‘lib o‘tishini va unda tolibonlar ishtirok etishini tasdiqladi.
Avvalroq Tolo News telekanali manbalariga tayanib, 27 mart kuni Turkiyada Afg‘oniston hukumati bilan tolibonlar o‘rtasida tinchlik o‘rnatish bo‘yicha konferensiya o‘tkazilishi ko‘zda tutilgani haqida xabar bergan edi.
"Tolibon vakillariga Turkiyadagi uchrashuvga taklifnomalar yuborilgan. Avvaliga ba’zilar nopisand bo‘lishdi, ammo hozirda delegatsiya ishtirok etishi tasdiqlandi", dedi manba.
Kobuldagi Tolibonga yaqin bo‘lgan yana bir manbaning RIA Novostiga aytishicha, tinchlik o‘rnatish bilan bog‘liq bo‘lgan bir necha siyosiy va fuqaro faollari, harakatning "do‘stlari va tarafdorlari" allaqachon Turkiya vizalarini olgan. Ularning ikkitasi Turkiyaga yetib kelgan.
Turkiyadagi barcha tomonlar ishtirok etadigan Sammit Afg‘onistondagi muzokaralarni tezlashtirish uchun o‘tkaziladi. Milliy yarashuv bo‘yicha oliy kengash va Afg‘oniston milliy xavfsizlik kengashi yig‘ilishda qatnashishlarini allaqachon tasdiqlashgan.
Ma’lumki, Afg‘onistonda hukumat kuchlari va radikal «Tolibon» harakati jangarilari o‘rtasida qarama-qarshilik mavjud bo‘lib, ular ilgari mamlakatning qishloq joylarida ancha hududni egallab olib, yirik shaharlarga hujum uyushtirgan. Afg‘oniston milliy mudofaa va xavfsizlik kuchlari butun mamlakat bo‘ylab aksilterror operatsiyalarini o‘tkazmoqda. Afg‘oniston hukumati va Tolibon o‘rtasida tinchlik muzokaralari 2020 yil 12 sentyabrda Qatar poytaxti Dohada boshlangan edi.