Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Topmadim

(Alisher Navoiy g‘azaliga muxammas)

Yaxshig‘a ko‘z tutdim-u, shirin zabone topmadim
Bog‘ni barpo etdim-u bir bog‘bone topmadim
Tole in’om etdim-u baxtdin nishone topmadim,
Mehr ko‘p ko‘rguzdim, ammo mehribone topmadim,
Jon base qildim fido, oromijone topmadim.

Dahr ichinda men o‘zimdek xoksore ko‘rmadim,
Kuzni ko‘rdim, qishni ko‘rdim, lek bahore ko‘rmadim.
Intizor bo‘ldum, va lekin intizore ko‘rmadim,
G‘am bila jonimg‘a yettim, g‘amgusore ko‘rmadim,
Hajr ila dilxasta bo‘ldum, dilsitone topmadim.

Ne qaro ko‘z, ne shirin so‘zlar qilurlar qasdi jon,
Qasdi jon etgan go‘zallar qo‘ymag‘ay hargiz omon.
Ham olur jon, ham malomat aylag‘aylar begumon,
Ishq aro yuz ming malomat o‘qiga bo‘ldum nishon,
Bir kamon abro‘da tuzluqdin nishone topmadim.

Boshlar uzra abri boron tinmayin solmish suron,
Ashklarim selobidan to‘lgay hovuzlar begumon.
Har kishi hayron qolur bul ko‘nglima boqqan zamon,
Ko‘nglim ichra sarv o‘qdir, g‘uncha-paykon, gul-tikon,
Dahr bog‘i ichra mundoq gulistone topmadim.

Ishq aro kuysam-da yuzni o‘zga yoqqa burmadim,
Ming taraddud birla lekin ishqda sokin turmadim.
Bir nafas shodmon bo‘libkim, davr-u davron surmadim,
Husn mulki ichra sendek shohi zolim ko‘rmadim,
Ishq ko‘yida o‘zimdek notavone topmadim.

Qancha shoirlar yaratmish ikki dilxun qissasin,
Farhod-u Shirin bila Layli-yu Majnun qissasin,
Cho‘ldagi sayrona-yu hamda Bihistun qissasin,
Ko‘p o‘qudum Vomiqu Farhodu Majnun qissasin,
O‘z ishimdan bul, ajabroq dostone topmadim.

Navjuvon ichinda bo‘lsin, ey Navoiy, garchi men,
Ko‘p yamon ichinda bo‘lsin, ey Navoiy, garchi men,
Xonumon ichinda bo‘lsin, ey Navoiy, garchi men
Ul amon ichinda bo‘lsin, ey Navoiy, garchi men
Bir zamon ishqida mehnatdin amone topmadim.

Har bir ishda ul tag‘ofil bandasin yuz qatla xayf,
Oqil ermas, g‘ofili arzandasin yuz qatla xayf.
Mavluda, ayt, dahri dunning shikvasin yuz qatla xayf,
Tab’ ganjidin maoniy xurdasin yuz qatla xayf,
Kim nisor etmakka shohi xurdadone topmadim.

Mavluda Ro‘ziyeva,
Ishtixon tumani.

***

Navoiy yodi

Mayli o‘tib ketdi naqd olti asr,
Qulog‘imdan ketmas g‘azal faryodi.
U qo‘ygan tamal tosh yiqilmas qasr,
Bizdan unutilmas Navoiy yodi.

Adabiyot seni bino qilgan kim?
Nazm-u navo seni paydo qilgan kim?
Sevgini suvlarda fano qilgan kim?
Bizdan unutilmas Navoiy yodi.

Qalbim g‘azallarga qorishgan abad,
Beshikda vujudga to‘kilgan sharbat,
Farhod va Shirinni yoqib ishqli dard,
Bizdan unutilmas Navoiy yodi.

Qalbimga to‘kilar g‘azaldan maylar,
Qalamim qog‘ozni tilmoqqa shaylar,
Baribir menga ham ishq kuyin joylar,
Bizdan unutilmas Navoiy yodi.

Aytgin seni tag‘in yaratmoq uchun,
Qancha Hirotlarni yaratsin ochun,
Chin ishqni suvlarga oqizay nechun,
Bizdan unutilmas Navoiy yodi.

Sen nazm dunyosi so‘nmas mayog‘i,
Turkiy til tarixga qilgan so‘rog‘i,
Buyuk xalq adabga qo‘ygan bayrog‘i,
Bizdan unutilmas Navoiy yodi.

Suhrobjon Tilovov.