Toshkent Vashingtondan COVID-19 vaksinalarini yetkazib berishni kutmoqda

O‘zbekiston rasmiylari AQShdan COVID-19 ga qarshi - AstraZeneca, Pfizer, Moderna va Johnson & Johnson kompaniyalari vaksinalarini yetkazib berilishini kutmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining "Dunyo" axborot agentligi xabar berdi.

Agentlikka ko‘ra, O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov va AQSh vitse-prezidentining maxsus maslahatchisi Liza Soyer Vashingtonda ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

"Uchrashuvda, shuningdek, Oq uyning 80 millionga yaqin AstraZeneca, Pfizer, Moderna va Johnson & Johnson vaksinalarini mamlakatlarga jo‘natish rejasi doirasida O‘zbekistonni COVID-19 ga qarshi vaksinalar bilan ta’minlash masalasi ham ko‘rib chiqildi", deyiladi xabarda.

Ma’lumki, 1 aprel kuni O‘zbekistonda aholini koronavirusga qarshi emlash kampaniyasi boshlandi. Ayni paytda o‘zbekistonliklar AstraZeneca (Covishield) vaksinasi, Xitoyning Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical preparatlari va Rossiyaning «Sputnik V» vaksinasi bilan emlanmoqda.

Seshanba kuni O‘zbekiston Rossiyaning "Sputnik-V" vaksinasining uchinchi partiyasini qabul qildi.

Shuningdek, Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi ushbu vaksinani respublikada ishlab chiqarishni mahalliylashtirish to‘g‘risida kelishib olganliklari haqida xabar berildi.