Toshkentda Yutong elektrobusi qatnay boshladi
«Toshshahartransxizmat» AJ o‘z tasarrufidagi avtobuslarni bosqichma-bosqich yangilab borish, eng asosiysi harakat tarkibini zamonaviy, har taraflama iqtisodiy samara beradigan transport vositalari bilan to‘ldirish maqsadida qator loyihalar hayotga tatbiq etmoqda. Xususan, yejamkorlik va atrof-muhitga zarar yetkazmasligi bilan bugun dunyoda o‘zini oqlayotgan elektrobuslarni harakat tarkibiga qo‘shish – tizim oldidagi muhim masalalardan biri.
Jumladan, yaqinda Belorusiyadan keltirilgan elektrobus 3 oy davomida yo‘nalishda sinovdan o‘tkazildi, deya xabar beradi «Toshshahartransxizmat». Yurtimiz iqlim sharoitiga mos transport turini tanlash maqsadida yana bir xorijiy kompaniyaning taklifi o‘rganilmoqda. Shunga muvofiq Xitoyning Yutong kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan elektrobus namunasi poytaxtimizga keltirildi.
Ishlab chiqaruvchi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, ZK6128BEVG modelidagi mazkur elektrobus 215 k/vat bilan harakatlanadi. Bir marta olingan quvvat bilan 300 kilometrdan ziyod masofani bosib o‘tadi. Elektrobus saloni 5 ta kuzatuv kamerasi hamda monitor bilan jihozlangan. Undan tashqari, dvigatel qismiga yong‘inga qarshi avtomat tarzda ishlovchi uskuna o‘rnatilgan. Shuningdek, konditsioner, isitish tizimi bilan ta’minlangan. 12 metr uzunlikdagi mazkur elektrobus o‘rtacha 70 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan.
Mazkur elektrobus yurtimiz iqlim sharoitida avtobus yo‘nalishlarida bir necha oy davomida sinovdan o‘tkaziladi. Ushbu transport vositasi joriy yil 7 martdan 51-yo‘nalishda o‘zining dastlabki qatnovini boshlamoqda, deyiladi xabarda.