Tovuqlar bosh soni 150 boshgacha kamaytirilishi yoki tovuqxona bir hafta muddatda boshqa joyga ko‘chirilishi kerak

Bo‘limimiz mutaxassislari 2021 yil 12 mart kuni zarnews.uz saytida  Samarqand shahar Birlik mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan tovuqxona mahalla aholisiga noqulaylik tug‘dirib, u yerdan badbo‘y hidlar chiqayotganligi haqida berilgan murojaat yuzasidan 13 mart kuni o‘rganish o‘tkazdi.

Birlik mahallasi raisi hamda tovuqxona sohibi ishtirokida o‘tkazilgan o‘rganishda mahalla hududining Birlik ko‘chasi 1-yo‘lak 4-uyda joylashgan “SAM IXLOS PARRANDA” MChJ qo‘shma korxonasiga qarashli 4500 bosh tovuq hamda parranda jo‘jalarini inkubatsiya usulida ochirish fabrikasi haqiqatda mavjud bo‘lib, atrofi devor bilan o‘ralgan, aholi punktiga juda yaqin joylashganligi aniqlandi.

Tovuqxona atrofida yashovchi fuqarolar bilan suhbatlashilganda ular shamol bilan goh-gohida badbo‘y hidlar kelib turishini aytishdi.

“SAM IXLOS PARRANDA” MChJ qo‘shma korxonasiga 2018 yil 7 fevralda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida 574070-son bilan  guvohnoma berilgan, ammo joylashgan joyi Samarqand shahar Rudakiy ko‘chasi 266-uy, deb belgilangan. Ammo hozirgi kunda tovuqxona yuqorida joylashgan manzilda faoliyat olib bormoqda.

Aholi zich yashaydigan hududda joylashgani hamda tovuqlar bosh sonining me’yoridan ortiq bo‘lganligi sababli ushbu tovuqxona 2019 yil 24 iyulda tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasining aholi punktlarida atmosfera havosini muhofaza qilishning sanitariya me’yorlari va qoidalari”ga zid ravishda sanitariya muhofaza zonasining buzilishiga olib kelgan.

O‘rganish davomida “SAM IXLOS PARRANDA” MChJ qo‘shma korxonasiga tovuqlar bosh sonini 150 boshgacha kamaytirish yoki bir hafta muddatda boshqa joyga ko‘chirish choralarini ko‘rish yuzasidan topshiriq berildi.

Belgilangan muddatda yuqorida ko‘rsatilgan topshiriq  bajarilmagan taqdirda tegishli tartibda choralar ko‘rilishi to‘g‘risida tovuqxona sohibi  ogohlantirildi.

B.Hakimov,

Samarqand shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari.