To‘y-hashamlar to‘g‘risidagi qaror kuchga kirdi

2020 yil 1 yanvardan boshlab, to‘y-hashamlarni tartibga solish haqidagi Senat va Qonunchilik palatasining qo‘shma qarori (yuridik jihatdan kuchi Qonunga teng) kuchga kirdi. Unga ko‘ra, tartib quyidagicha:

👉 to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar faqat bir kun (dafn etish marosimi bundan mustasno) soat 06:00 va 23:00 oralig‘ida o‘tkaziladi;

👉 Soat 23:00 dan keyin to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni davom ettirishga yo‘l qo‘yilmaydi;

👉 to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarda 200 nafargacha, mazkur tadbirlar munosabati bilan osh berish marosimida 250 nafargacha kishi qatnashadi;

👉 qo‘shaloq to‘ylarda 250 nafargacha, u bilan bog‘liq osh berish marosimida 300 nafargacha kishi qatnashishi mumkin;

👉 dafn etish va motam marosimlari ko‘pi bilan uch kun mobaynida cheklanmagan miqdordagi fuqarolar ishtirokida o‘tkazilishi mumkin, osh berish marosimi bundan mustasno;

👉 to‘y o‘tkazuvchi shaxslar to‘ydan kamida bir hafta oldin yashash joyidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini xabardor qiladi;

👉 to‘y kortejlarida 3 tadan ko‘p bo‘lgan yengil avtomashinadan foydalanish taqiqlanadi;

👉 to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarda diniy mavzuda ma’ruza ko‘zda tutilgan bo‘lsa, ushbu ma’ruza diniy tashkilotning vakolatli vakili tomonidan o‘qiladi;

👉 milliy an’analarga yot, odob-axloq qoidalariga zid bo‘lgan turli shoularni, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan to‘ylar, oilaviy tantanalardan oldingi, tadbir davomidagi va undan keyingi qo‘shimcha rasm-rusumlarni (“kelin navkari”, “chorlar”, “ota ko‘rdi”, “sep yoydi”, “quda chaqirdi”, “kuyov chaqirdi”, “kelin chaqirdi”, “tog‘ora yuborish”, “pul sochish” va hokazolarni) o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi;

👉 dafn etish va motam marosimlari bilan bog‘liq ortiqcha tadbirlarni (“yetti”, “payshanbalik”, “yigirma”, “qirq”, “yil oshi”, “pul tarqatish”, “mato ulashish” va hokazolarni) o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi;

👉 to‘yxona, kafe va restoranlarda 50 va undan ortiq shaxs ishtirokida to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazish uchun tadbir o‘tkazuvchi shaxs hamda to‘yxona, kafe va restoran rahbari o‘rtasida shartnoma tuziladi;

👉 to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarda san’atkorlar (xonanda, sozanda, raqqosa, boshlovchi, so‘z ustasi, fotograf va boshqalar) qonun hujjatlariga muvofiq shartnoma asosida xizmat ko‘rsatadi.

👉 to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarda ikki nafardan ortiq xonandaning (guruhning) xizmat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

 

@xushnudbek