Toyloqda yil oxirigacha yirik logistika markazi ishga tushishi kutilmoqda

Hukumat qarori bilan 2022 yilda Toyloq, 2023 yilda Jomboy hamda 2025 yilda Narpay tumanida zamonaviy transport-logistika markazlarini tashkil etish belgilangan.

Bu haqda viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i Inatulla Hamroyev xalq deputatlari viloyat Kengashining oltmish to‘rtinchi sessiyasida ma’lum qildi.

Ayni vaqtda Toyloq tumani Vorsin mahallasi hududida 3 gektar yer maydoni ajratilib, tadbirkor “Bro Beans” MChJ qo‘shma korxonasi tomonidan 800 ming AQSh dollari miqdorida kredit va investitsiya mablag‘lari hisobidan qurilayotgan yangi logistika markazi joriy yil yakunida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Mazkur markaz Toyloq tumanidan tashqari, Samarqand shahri, Jomboy, Samarqand, Bulung‘ur, Urgut tumanlaridagi qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtiruvchi va qayta ishlovchi korxonalarga xizmat ko‘rsatadi.