Toyloqda yil yakuniga qadar 16 ta ob’yekt quriladi
Tumanda joriy yilga mo‘ljallangan investitsiya dasturi asosida umumiy qiymati 57,4 milliard so‘mlik 16 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
Hozirgi kunda barcha ijtimoiy soha ob’yektlarida tender tanlovlari o‘tkazilib, g‘olib pudrat tashkilotlar aniqlangan va qurilish ishlari davom etmoqda.
Tuman hokimining o‘rinbosari Sardor Eraliyevning ta’kidlanishicha, 7 ta maktabning 2 ming o‘rinli qo‘shimcha binosi qurilishi va rekonstruksiyasi uchun 26 milliard so‘m, 120 o‘rinli 1 ta maktabgacha ta’lim tashkilotining yangi binosi va rekonstruksiyasiga 4,68 milliard so‘m ajratilgan. Shuningdek, Galabotir mahallasida 1,5 milliard so‘mga “Ibn Sino” oilaviy-shifokorlik punkti rekonstruksiya qilinib, 50 qatnovga mo‘ljallangan yangi bino, Toyloq olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida 17,1 milliard so‘mga yotoqxona, oshxona va sport zal qurilishi belgilangan. Davlatobod, O‘ray Elipok, Zarafshon, O‘zbekiston, Yangi hayot, Navbahor mahallalarida esa 8,04 milliard so‘mga 6,5 kilometr masofada qirg‘oq muhofaza qilish ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Tumanning Shopo‘lat mahallasida “Bulung‘ur oltin suv” MChJ tomonidan 120 o‘rinli 4-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilmoqda.
- Ikki hafta oldin qurilishni boshladik, - deydi “Bulung‘ur oltin suv” MChJ ish yurituvchisi Laziz Vohidov. – Hozirda poydevor ishlari davom etmoqda va yil yakuniga qadar qurilish-rekonstruksiya ishlari yakunlanadi. Muassasada bolajonlar uchun yotoqxona, oshxona, basseyn, sog‘lomlashtirish maydonchasi, mashg‘ulot xonalari hozirgi zamon talablari asosida quriladi.
Charog‘bon mahallasidagi Toyloq olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida "Fayz-ICh" MChJ tomonidan 250 o‘rinli yotoqxona, 250 o‘rinli oshxona va 34x36 o‘lchamli sport zal qurilmoqda.
- Qurilish ishlarining 20 foizini yakunlab, g‘isht terishni boshladik, - deydi "Fayz-ICh" MChJ rahbari Furqat Nosirov. – Ob’yektlarda ishlatiladigan har bir qurilish materiali sifat sertifikatiga ega va qurilishlarda sinovdan o‘tkazilgan. Ish jarayonlari viloyat qurilish inspeksiyasi hamda qurilish loyihasi tashkilotchisi tomonidan nazorat qilib borilmoqda.
Fazliddin Ro‘ziboyev.