Turizm universitetida dars jarayonlari faqat ingliz tilida olib boriladi
Bugun oliy o‘quv yurtlariga 1-kursga qabul qilingan talabalar uchun tanishuv-tanishtiruv darslari bo‘lib o‘tdi.
12 oktyabrdan 17 oktyabrgacha davom etadigan o‘qishda darslar an’anaviy shaklda olib borilmoqda. Buning uchun oliy o‘quv yurtlarida alohida tayyorgarlik ko‘rilgan.
Jumladan, “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetida tanishuv haftaligi “Kelajak sari ildam qadamlar” mavzusidagi tadbirlar bilan boshlandi. Haftalik doirasida o‘tkazilgan “Universitetga xush kelibsiz!” (“Welcome to the University!”) nomli tadbir davomida talabalarga mazkur oliy o‘quv yurti faoliyati hamda ularga ta’lim beradigan professor-o‘qituvchilar yaqindan tanishtirildi.
- Oliy o‘quv yurtimizga 2020-2021 o‘quv yili uchun 500 dan ziyod yoshlar talabalikka qabul qilindi, - deydi universitet birinchi prorektori Jo‘liboy Eltazarov. – Ular orasida o‘zbekistonlik talabalardan tashqari Rossiya, Turkmaniston, Tojikiston va Qozog‘iston kabi davlatlardan ham yoshlar bor. Bu yerda ular 12 ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tahsil oladi. Talabalarga dars beradigan professor-o‘qituvchilarning ham ko‘pchiligi dunyoning nufuzli oliy o‘quv yurtlaridan taklif qilingan. Shuningdek, xorijiy davlatlarda turizm yo‘nalishidagi universitetlarda faoliyat olib borayotgan o‘zbekistonlik yosh mutaxassislarni 10 million so‘mdan kam bo‘lmagan maosh bilan ta’minlash sharti bilan ishga jalb qildik.
- Mazkur xalqaro universitet talabasi bo‘lganimdan xursandman, - deydi andijonlik Gulnoza Esonova. – Ta’lim muassasasi bilan tanishar ekanman, bu yerda darslar ingliz tilida olib borilishini eshitib, o‘zimni xorijning nufuzli universitetlaridan birining talabasidek his qildim. Kelgusida bizga yaratib berilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, qo‘shdiplom ta’lim dasturi asosida o‘qishimni Xitoydagi turizm universitetida davom ettirmoqchiman.
To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov (foto).