Turkiya Finlandiyaning NATO a’zoligini ratifikatsiya qilish jarayonini boshladi
Turkiya Finlandiyaning NATO a’zoligini ratifikatsiya qilish jarayonini boshlamoqda. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Anqarada Finlandiya prezidenti Sauli Niinistyo bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
- Muzokaralarimizning muhim mavzusi Finlandiyaning NATOga qo‘shilishi bo‘ldi. Mamlakat NATOga a’zo bo‘lish uchun zarur bo‘lgan memorandum shartlarini bajarish bo‘yicha aniq qadamlar qo‘ydi. Biz tayyormiz va Finlandiyaning NATOga a’zo bo‘lishini ratifikatsiya qilish jarayonini boshlashga qaror qildik. Ishonchimiz komil, Finlandiya NATO xavfsizligini ta’minlashda faol rol o‘ynaydi, — dedi Turkiya prezidenti.
Turkiya respublikada 14 mayga belgilangan umummilliy saylovlar oldidan Finlandiyaning NATOga a’zoligini ratifikatsiya qilish bo‘yicha parlamentda ovoz berishni o‘tkazishi kutilmoqda.
Shvetsiyaning NATOga kirishiga kelsak, Turkiya prezidenti ta’kidlaganidek, Anqara uni qo‘llab-quvvatlamaydi, biroq u bilan bu jarayonni muhokama qilishni davom ettirishga tayyor: «Biz Shvetsiyaning NATOga kirishini qo‘llab-quvvatlay olmaymiz, chunki ular 120 nafar terrorchini ekstraditsiya qilishdan bosh tortdi. Bu jarayon bo‘yicha ular bilan muloqotni davom ettiramiz, ammo bu to‘liq Stokgolm qadamlariga bog‘liq", dedi Erdo‘g‘on.